Farg‘ona viloyatida 125,4 mlrd so‘mlik sun‘iy QQS shakllantirish hamda noqonuniy keshbek olish sxemasiga chek qo‘yildi. Bu haqda viloyat soliq boshqarmasi xabar berdi.
Ma‘lum qilinishicha, fuqaro T.Z. rahbarligidagi E.F.F. va F.E.O.Z. korxonalari joriy yil may oyida Termiz shahrida ro‘yxatdan o‘tgan T.B.S.E. korxonasidan go‘yoki 1,2 trln so‘mlik un va sariyog‘ mahsulotlari xarid qilingani to‘g‘risida elektron hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirgan.
Soliq organlari tomonidan korxonalarning may oyi uchun taqdim etgan QQS hisobotlari tahlil qilinib, ularning yuridik manzilida ko‘rsatilgan omborlar o‘rganilgan.
Tekshiruv davomida Farg‘onadagi korxonalarga amalda hech qanday mahsulot yetkazib berilmagani, shuningdek, mazkur bitimlar bo‘yicha biror so‘m ham pul o‘tkazilmagani aniqlangan.
Soliq boshqarmasi ma‘lumotiga ko‘ra, ushbu sxema orqali Farg‘onadagi ikki MChJ uchun 125,4 mlrd so‘mlik sun‘iy QQS shakllantirishga urinish bo‘lgan.
Tezkor choralar natijasida E.F.F. va F.E.O.Z. korxonalarining QQS guvohnomalari vaqtincha to‘xtatilib, aniqlashtirilgan QQS hisobotlari qabul qilingan. Natijada 125,4 mlrd so‘mlik sun‘iy QQS hisobdan chiqarilgan.
Qayd etilishicha, firibgarlik sxemasi ijtimoiy tarmoqlar orqali soxta fiskal cheklarni sotish va ular asosida noqonuniy keshbek olish imkoniyatini yaratish maqsadida tashkil etilgan.
Holat yuzasidan to‘plangan materiallar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Keshbek tizimi
2025-yilda o‘zbekistonliklarga 1,5 trln so‘mlik soliq keshbeki to‘landi: yil davomida to‘lovlar hajmi 43,9% ga, berilgan cheklar soni esa 56,7% ga oshdi. Shu bilan birga, bitta chekning o‘rtacha summasi 100 ming so‘mdan pastga tushdi.
Joriy yilning 4 oyida 8 mlndan ortiq iste’molchiga 848,4 mln fiskal chek bo‘yicha 571,3 mlrd so‘m keshbek to‘landi. Hududlar orasida keshbek to‘lovlari bo‘yicha Toshkent shahri (176,1 mlrd so‘m), Farg‘ona (80,8 mlrd so‘m) va Toshkent (63,9 mlrd so‘m) viloyatlari yetakchilik qilmoqda.
So‘nggi paytlarda soliq keshbeki orqali mablag‘larni o‘g‘irlash holatlari ko‘paymoqda. Jumladan, Andijon viloyatida mart-aprel oylari uchun 1,1 trln so‘mlik tovarlar yetkazib berilgani haqida soxta elektron hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirilib, 35 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ o‘zlashtirilgan.
Xuddi shunday holat Farg‘ona viloyatida ham yuz berib, u yerda 3,2 mlrd so‘m talon-toroj qilingan. Sxema doirasida jami 211,5 ming kishi Soliq mobil ilovasi orqali 28,5 mlrd so‘mlik keshbek hisoblanishini rasmiylashtirgan.
Spot, avvalroq, endi Soliq ilovasida keshbekni daraxt ekishga yo‘naltirish mumkinligi haqida yozgandi.