Osiyo infratuzilma investitsiyalar banki (OIIB) va O‘zbekiston hukumati 2026−2029-yillarga mo‘ljallangan yangilangan uzoq muddatli investitsiya dasturini imzoladi.

Dastur doirasida O‘zbekistonda umumiy qiymati $5 mlrd gacha bo‘lgan infratuzilmaviy loyihalarni OIIB tomonidan moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.

Dastur tomonlarning yaqin yillardagi hamkorligining ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi. Hujjat 28-sentabr kuni Dohada bo‘lib o‘tgan OIIBning 11-yillik yig‘ilishi doirasida imzolandi.

Shuningdek, OIIB va O‘zbekiston mamlakat elektr uzatish tizimining barqarorligini oshirish loyihasini tayyorlash uchun $1,5 mln grant ajratish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Mablag‘lar texnik tadqiqotlar va boshqa dastlabki ishlarga yo‘naltiriladi.

Loyiha elektr tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, ularning ishonchliligi va iqlim o‘zgarishlariga chidamliligini kuchaytirish, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini tarmoqqa ulash imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutadi.

Jumladan, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarini bog‘lovchi janubiy koridor hamda Farg‘ona vodiysiga alohida e’tibor qaratiladi.

Tadqiqotlar yakunida texnik yechimlar, zarur investitsiyalar hajmi va iqlimiy xavflar aniqlanadi. Shundan so‘ng loyiha ko‘rib chiqish va ehtimoliy moliyalashtirish uchun taqdim etilishi mumkin.

O‘zbekiston 2030-yilgacha elektr energiyasi ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini qariyb 30% dan 54% gacha oshirishni rejalashtirmoqda.

Buning uchun elektr energiyasini uzatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish talab etiladi.


Avvalroq Spot OIIB O‘zbekistonga “yashil” iqtisodiyotga o‘tish uchun $500 mln ajratishi haqida yozgandi.