Oracle kompaniyasi so‘nggi oyda sun’iy intellekt (SI) va katta data markazlar biznesiga yo‘naltirilgan strategiya sabab taxminan 30 000 xodimini ishdan bo‘shatdi.
Kompaniyaning rahbariyati, jumladan rais va texnik direktor Larri Ellison, kelajak iqtisodiyotida AI infratuzilmasini yaratadigan kompaniyalar eng katta yutuqqa erishishini aytgan va shu sababli Oracle milliardlab dollarni AI data markazlariga investitsiya qilmoqda.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Oracle kamida 2030-yilgacha zararli pul oqimida bo‘lishi mumkin, chunki katta investitsiyalar va tezkor kengayish xarajatlarni oshirmoqda.
Ushbu qisqartirishlardan eng ko‘p zarar ko‘rganlar — oddiy xodimlar bo‘ldi. 2025-yil oxiriga kelib kompaniyada taxminan 162 ming kishi ishlagan.
So‘nggi oyda ishdan bo‘shatilganlar ijtimoiy tarmoqlarda va shaxsiy xabarlarda o‘z tajribalarini bo‘lishgan: ularning ba’zilariga AI tizimlarini o‘qitish vazifasi berilgan, keyin esa aynan o‘sha tizimlar ularning o‘rnini egallagan.
Ko‘pchilik yillar davomida ishlagandan so‘ng faqat bitta elektron pochta orqali ishdan bo‘shatilgan, ayrimlari ish vizasini yo‘qotib deportatsiya xavfi ostida qolgan va bonus sifatida berilishi kerak bo‘lgan aksiyalar pullarini ham ololmagan.
17-aprelda 600 dan ortiq Oracle xodimi kompaniyadan chiqish kompensatsiyasini oshirish, tibbiy sug‘urtani uzaytirish va qo‘shimcha imtiyozlar berishni so‘rab rahbariyatga murojaat qilgan, ammo kompaniya har bir holatni alohida ko‘rib chiqishini bildirgan.
Oracle’ning bu qarorlari butun texnologiya bozoriga ogohlantirish sifatida ko‘rilmoqda: AI rivojlanayotgan bir paytda kompaniyalar xodimlar sonini kamaytirib, investitsiyani odamlar o‘rniga sun’iy intellektga yo‘naltirmoqda.
Ba’zi sobiq xodimlar esa bu jarayonni juda og‘ir qabul qilib, o‘zlarini “oddiy raqam yoki mashina kabi ko‘rishganini” aytishgan.
Aprel oyi boshida Oracle sun’iy intellekt infratuzilmasini moliyalashtirish uchun kapital xarajatlarning o‘sishi fonida “minglab” xodimlarni qisqartirishi haqida xabar berilgandi.
Qisqarishlar turli bo‘limlardagi mutaxassislarni qamrab olgan va ularning ish samaradorligi bilan bog‘liq bo‘lmagan.
2025-yil may oyi oxiriga kelib kompaniyada 162 ming kishi ishlagan. BBC ma’lumotlariga ko‘ra, 10 mingga yaqin xodim qisqartirishga uchragan bo‘lishi mumkin.
Qisqarishlar kompaniyaning 2026 moliyaviy yilidagi kapital xarajatlarini $35 mlrd dan $50 mlrdgacha oshirish rejalari fonida amalga oshirilmoqda.
Avvalroq Spot Meta Mark Sukerbergning sun’iy intellekt egizagini ishlab chiqayotgani haqida yozgandi.
Xodimlar bilan muloqot qilish uchun avatarga uning imo-ishoralari, so‘zlashish uslubi va ommaviy chiqishlari o‘rgatiladi.