Tinjin Zhang boshchiligida 2025-yilda o‘tkazilgan tadqiqot qahvaning turi va iste’mol miqdori Alsgeymer va Parkinson kasalliklari rivojlanish xavfiga qanday ta’sir qilishini o‘rgandi.
Tadqiqotning o‘ziga xos jihati shundaki, unda ilk bor qahvaning turli ko‘rinishlari — shakarsiz, shakarli va sun’iy shirinlashtirgich qo‘shilgan turlari alohida tahlil qilindi.
Tadqiqotda 40 yoshdan 69 yoshgacha bo‘lgan 204 847 nafar ishtirokchi qatnashgan. Ular bir yil davomida ovqatlanish va ichimlik iste’moli bo‘yicha so‘rovnomani to‘ldirgan.
Natijalar shuni ko‘rsatdiki, ishtirokchilarning taxminan 54%i shakarsiz qahvani, 16%i shakarli qahvani, 7%i sun’iy shirinlashtiruvchilarni, 24%i esa choyni afzal ko‘rib, umuman qahva ichmagan.
Shirin bo‘lmagan qahva ichganlarda Altsgeymer kasalligi, demensiya va Parkinson kasalligiga chalinish xavfi qahvadan qochganlarga qaraganda 29−30% ga past bo‘lgan. Shuningdek, ularda ushbu kasalliklardan o‘lim xavfi 43% ga kamaydi.
Shu bilan birga, kofeinsiz qahva ham ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Uni iste’mol qilish neyrodegenerativ kasalliklar xavfini 34−37% ga, ulardan o‘lim xavfini esa 47% ga kamaytirish bilan bog‘liq bo‘lgan.
Ammo bu natijalar faqat shakarsiz qahva ichuvchilarda kuzatilgan. Shakar yoki sun’iy shirinlashtirgich qo‘shilishi qahvaning foydali ta’sirini deyarli yo‘qqa chiqargan.
Tadqiqot mualliflari ta’kidlashicha, shakarsiz qahva — kofeinli yoki kofeinsiz bo‘lishidan qat’i nazar — miya salomatligini saqlash va neyrodegenerativ kasalliklarning oldini olishda foydali bo‘lishi mumkin. Aksincha, shakar va sun’iy shirinlashtirgichlar bu foydani kamaytirishi yoki butunlay yo‘qotishi ehtimoli bor.
Shu bilan birga, olimlar tadqiqot kuzatuv xarakteriga ega ekanini va u sabab-oqibat bog‘liqligini to‘liq isbotlamasligini ham qayd etgan. Ya’ni qahva kasallik xavfiga ta’sir qilishi mumkin, biroq kasallikning dastlabki belgilari insonning ichimlik tanlovini o‘zgartirishi yoki har ikki omilga boshqa sabab ta’sir qilishi ham ehtimoldan xoli emas.
Shunga qaramay, tadqiqot natijalari qahvaning, ayniqsa keksalik davrida, profilaktik ovqatlanishning foydali elementi bo‘lishi mumkinligini tasdiqlaydi.
Shakarsiz qahva iste’moli miya salomatligini qo‘llab-quvvatlash va neyrodegenerativ kasalliklar xavfini kamaytirishning oddiy hamda hamyonbop usullaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Avvalroq amerikaliklar qahvani o‘z uyida ichishni afzal ko‘rishayotgani haqida xabar berilgandi.
Yoshlar kofeindan voz kechmoqda, qolganlar esa qahva qaynatgich sotib olib, uyda qahva tayyorlashmoqda.