Shavkat Mirziyoyev Parkent tumanida qurilish materiallari sanoati va turizmni rivojlantirish bo‘yicha investor va tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
So‘nggi o‘n yilda sohaga $12 mlrd investitsiya kiritilib, 5 mingdan ortiq korxona ishga tushirildi. Joriy yilda ishlab chiqarish hajmi 2016-yildagi 7 trln so‘mdan 65 trln so‘mga, eksport esa $75 mln dan $1,5 mlrd ga yetishi kutilmoqda.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonga har yili $50−55 mlrd investitsiya jalb etilayotgani qurilish mahsulotlari uchun katta ichki bozor yaratmoqda. Qo‘shni va yaqin mintaqalarda bu mahsulotlarga yillik talab $50 mlrd ga baholanmoqda.
Uchrashuvda qo‘shilgan qiymati yuqori mahsulotlarni ko‘paytirish, mahalliy developerlarni xorijiy tenderlarga olib chiqish va arzon logistika zanjirlarini yaratish hisobiga eksportni yaqin yillarda $5 mlrd ga yetkazish mumkinligi aytildi.
“Hozirgi tez o‘zgaruvchan bozor sharoitida tadbirkorlar bilan yilda bir emas, kerak bo‘lsa, har oyda muloqot qilish zarur”, — dedi Mirziyoyev.
O‘zbekistonda keramik plita, bazalt qoplama, qurilish oynasi va gazoblok kabi 161 turdagi mahsulot bo‘yicha ichki talabni qoplashga yetarli quvvat bor. Shunga qaramay, sifat va brend bilan bog‘liq kamchiliklar sabab ularning yillik importi $780 mln ni tashkil etmoqda.
Masalan, keramik plita ishlab chiqarish quvvati ichki talabdan uch baravar ko‘p, ammo yirik o‘lchamli plitalar importiga har yili $25 mln sarflanmoqda. Lok-bo‘yoq, gulqog‘oz va energiya tejamkor oyna kabi sakkiz turdagi tayyor mahsulot importi esa $280 mln ga yetgan.
Shu yo‘nalishda Turkiyaning Betek kompaniyasi bilan Zangiota tumanida $30 mln lik lok-bo‘yoq zavodi qurilishi boshlanayotgani ma’lum qilindi. Prezident hokimlarga iste’molchilar talabi va xalqaro brendlar imkoniyatlarini o‘rganib, yangi loyihalarni ilgari surishni topshirdi.
Avvalroq Spot Mirziyoyev Parkentdagi Silver Valley dam olish majmuasiga borgani haqida yozgandi.