Markaziy bank 2026-yil 16-noyabr holatiga banklarda jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilayotgan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarini e’lon qildi. Ma’lumotlar oxirgi 10 ish kunini qamrab oladi.
Mikroqarz va kredit kartalaridan tashqari jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlarning o‘rtacha foiz stavkasi 22,6%, yuridik shaxslar uchun esa 22,7% ni tashkil etdi.
Ipoteka
Ipoteka kreditlarining o‘rtacha foiz stavkasi 21,8% bo‘ldi. Eng arzon ipotekani Octobank (20%) taklif qilmoqda. Keyingi o‘rinlarda Asakabank (20,2%), Orient Finans Bank va Kapitalbank (har biri 20,8%) hamda O‘zsanoatqurilishbank (21%) turibdi.
Eng yuqori stavkalar Asia Alliance Bank (26%), Mikrokreditbank (24,9%) va Ipak Yuli Bankida (24,6%) qayd etildi.
Avtokredit
Avtokreditlarning o‘rtacha foiz stavkasi 22% ni tashkil etdi. Eng past stavkalarni Ipoteka-bank (18,3%), Apex Bank (18,4%), Asakabank (18,7%) va Aloqabank (19,3%) taklif qilmoqda.
Eng qimmat avtokreditlar Anorbank va Hamkorbank’da (har biri 27%), shuningdek, Davr Bank’da (25,4%).
Markaziy bankning qayd etishicha, banklar avtosanoat korxonalari bilan kelishuv asosida, masalan, boshlang‘ich badalga qarab, past foizli avtokreditlar taklif qilgani uchun o‘rtacha stavkalar banklarning amaldagi takliflaridan farq qilishi mumkin.
Mikroqarz
Mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 27,5% bo‘ldi. Bu segmentda banklar o‘rtasidagi farq eng katta: eng past stavka Mikrokreditbank’da (21,8%), eng yuqorisi Hayot Bank’da (40%).
Nisbatan arzon mikroqarzlarni Asakabank (22,3%), InfinBank (24%), O‘zsanoatqurilishbank va Trastbank (har biri 24,1%) taklif qilmoqda. Eng qimmatlari Hayot Bank’dan keyin AVO Bank (39,9%), Uzum Bank (38%) va TBC Bank’da (37,4%).
Yuridik shaxslar uchun kreditlar
Asosiy vositalar xaridi uchun yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlarning o‘rtacha foiz stavkasi 22,8% ni tashkil etdi. Eng past stavka Turonbank’da (18%), undan keyin Ipoteka-bank (19%) va O‘zbekiston Milliy banki (19,8%). Eng yuqori stavka Garant Bank’da (27%).
Aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun kreditlarning o‘rtacha stavkasi ham 22,8% bo‘ldi. Eng arzonlari Ipak Yuli Bank va Aloqabank’da (har biri 19,7%), O‘zbekiston Milliy bankida (20,6%). Eng qimmatlari Tayanch Bank (33%) va TBC Bank’da (32%).
Regulyatorning ta’kidlashicha, yakuniy foiz stavkasi kredit muddati, garov likvidligi, bankning kredit siyosati va bozor sharoitidan kelib chiqib, har bir mijoz uchun alohida belgilanadi.
Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov kredit stavkalari inflyatsiya, depozitlar qiymati va moliyaviy xatarlarga bog‘liq ekanligini qayd etgan edi.
Avvalroq Markaziy bank banklarga noqonuniy undirilgan foiz va jarimalarni bekor qilishni topshirgani haqida xabar berilgandi.




