Sun’iy intellekt chat-botlar elektr tarmog‘i va ommaviy hujumlarni rejalashtirishga yordam bera olishi aniqlandi. Bu haqda AQSH Hukumat hisobdorligi idorasi (GAO) hisobotida xabar berdi.

Tekshiruviga ko‘ra, ChatGPT, Claude, Gemini va Grok sun’iy intellekt chatbotlari xavfsizlik cheklovlarini chetlab o‘tish orqali zararli harakatlarni rejalashtirishga yordam beradigan ma’lumotlarni taqdim etgan.

Jumladan, ular elektr tarmog‘iga hujum qilish va ommaviy talafot keltiruvchi harakatlarni rejalashtirish bo‘yicha so‘rovlarga javob bergan.

Tekshiruv 2026-yil bahorida o‘tkazilgan. GAO to‘rtta keng foydalaniladigan SI platformasini sinovdan o‘tkazib, ulardan zararli hujumlarni rejalashtirish bo‘yicha ma’lumot olishga uringan.

Sinovlarda ikki chat-bot ommaviy talafot keltirishi mumkin bo‘lgan qo‘lbola portlovchi qurilmalarni tayyorlash va ulardan foydalanishga oid ma’lumotlarni, qolgan ikkitasi esa elektr tarmog‘iga dronlar va o‘qotar qurollar yordamida zarar yetkazish bo‘yicha tavsiyalarni taqdim etgan.

Qayd etilishicha, chat-botlar dastlab xavfli so‘rovlarga javob berishni rad etgan, biroq tekshiruvchilar keng tarqalgan usullar yordamida xavfsizlik cheklovlarini chetlab o‘tishga muvaffaq bo‘lgan. Hujum rejalarini ishlab chiqish 12 soatdan kam vaqt olgan.

Tekshiruvchilar chat-botlar taqdim etgan ma’lumotlarni mustaqil izlanishlar, joylarni o‘rganish va mutaxassislar bilan suhbatlar orqali tekshirgan. Natijada to‘rtta platforma taqdim etgan ma’lumotlar hujumlarni rejalashtirish va amalga oshirish uchun yetarli bo‘lishi mumkinligi tasdiqlangan.

Elektr tarmog‘iga oid sinovlarda chat-botlardan biri dronlar, boshqasi esa o‘qotar qurollar orqali hujum qilish ssenariylarini taklif qilgan. Tekshiruvchilar tavsiya qilingan ayrim infratuzilma obyektlarini joyida o‘rganib, ularning zaifligini tasdiqlagan.

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, chat-botlar taqdim etgan ayrim ma’lumotlar noto‘g‘ri ham bo‘lgan. Masalan, xaritalarda yo‘llar xato ko‘rsatilgan yoki nishonlar haqidagi ma’lumotlar haqiqatga mos kelmagan.

GAO tekshiruvi generativ SI texnologiyalaridan zararli maqsadlarda foydalanish xavfini ko‘rsatdi. Idora xulosasiga ko‘ra, chatbotlar mavjud ma’lumotlarni birlashtirib, hujumlarni rejalashtirish jarayonini haftalar yoki oylar o‘rniga bir necha soatga qisqartirishi mumkin.

Kompaniyalar xavfsizlik himoyalarini yaxshilash ustida ishlayotganini bildirgan. Biroq tekshiruv 2026-yil bahorida o‘tkazilgani sababli uning natijalari platformalarning ayni paytdagi versiyalarini to‘liq aks ettirmasligi mumkin.


Avvalroq Spot AQSHda odamsimon robotlarga oldindan buyurtma berish boshlangani haqida yozgandi.

Qo‘llari va tananing pastki qismisiz stol usti modeli $11 950, oyoqlari bilan to‘liq jihozlangan robot esa $59 950 turishi kutilmoqda.