Toshkent shahrining 10 ta tumanidagi 21 ta hudud uchun master-rejalar ishlab chiqiladi, deya xabar berdi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi.

Buning uchun Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish respublika markazi loyiha tashkilotlarini tanlash bo‘yicha elektron tanlov e’lon qildi.

Tanlovda shaharsozlik sohasida tajribaga ega mahalliy va xorijiy loyiha tashkilotlari qatnashishi mumkin.

Arizalar etender.uzex.uz platformasi orqali qabul qilinadi. Tanlov davlat xaridlari tartibida elektron shaklda o‘tkaziladi.

Master-reja ishlab chiqiladigan hududlarning umumiy maydoni 1440,5 gektarni tashkil etadi. Ularning chegaralari Toshkent shahar hokimligi tomonidan tasdiqlangan.

Hududlarda turar joy majmualari, ijtimoiy obyektlar, maishiy xizmat ko‘rsatish va biznes obyektlarini barpo etish rejalashtirilgan.

Master-reja ishlab chiqiladigan hududlar quyidagilar:

  • Mirobod tumani: “Abdurauf Fitrat”, “Baynalminal”, “Yangi Mirobod”, “Mingo‘rik” va “Oybek”;
  • Chilonzor tumani: “Katta Chilonzor-2”, “1-Charx Komolon” mahallalari va Beshyog‘och bozori hududi;
  • Mirzo Ulug‘bek tumani: “Navnihol”, “Oltintepa”, “Avayxon” va “Chingeldi”;
  • Yashnobod tumani: “Amir Temur”, “Jarqo‘rg‘on” va “Parvoz”;
  • Bektemir tumani: “Zabardast” (Bektemir siti), “Nurafshon” va “Mirishkor”;
  • Sergeli tumani: “Yuqori Darxon”, “So‘g‘diyona”, “Ko‘hna Qumariq”, “Sultonobod”, “Ziyolilar” va “Eskijaloyir”;
  • Uchtepa tumani: “Katta Cho‘ponota”;
  • Yangihayot tumani: “Gulshanobod”;
  • Olmazor tumani: “Miskin”;
  • Shayxontohur tumani: “Oqlon” va “Olim Xo‘jayev”.

Avvalroq O‘zbekistonda shaharlarning bosh rejalari ijrosi muntazam monitoring qilinishi haqida xabar berilgandi.

Monitoring Milliy qo‘mita hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan birgalikda amalga oshiriladi. Bunda aholi punktlarining bosh rejalari, batafsil rejalashtirish va qurilish loyihalari, hududlarni rivojlantirish sxemalari, master-rejalar hamda shaharsozlik hujjatlarini amalga oshirish bo‘yicha kompleks dasturlar o‘rganiladi.

Uning doirasida hududlarning funksional zonalarga ajratilishi, qurilish parametrlari, aholi va qurilish zichligi, binolarning qavatlari soni, transport qulayligi, muhandislik va ijtimoiy infratuzilma bilan ta’minlanganlik, ko‘kalamzorlashtirish hamda sanitariya talablariga rioya etilishi tekshiriladi.

Shuningdek, yer toifalarini o‘zgartirish, yer uchastkalarini ajratish yoki elektron auksionga chiqarish bo‘yicha qarorlarning shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligi ham o‘rganiladi.


Avvalroq Spot 1-noyabrdan ro‘yxatdan o‘tmagan master rejalar asosida qurilish taqiqlanishi haqida yozgandi.