Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni Toshkentdan Parkentga elektropoyezdda bordi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Parkentgacha temir yo‘l qurilishi prezident topshirig‘iga ko‘ra 2025-yil yanvarida boshlangan va 14 oydan ortiq davom etgan. Ishlar shu yilning aprel oyida yakunlandi.

Loyiha doirasida 24 km lik Baytqo‘rg‘on-Parkent elektrlashtirilgan bir izli temir yo‘l liniyasi qurilishi 535,4 mlrd so‘mga (Markaziy bankning joriy kursi bo‘yicha $44,7 mln — Spot) tushgan.

Shu bilan birga, loyiha bilan bitta yangi bekat, uchta ko‘prik, avtomobil yo‘l o‘tkazgichi, 16 ta kesishma va 77 ta suv o‘tkazish inshooti qurildi. Liniya ishga tushishi bilan 40 ta ish o‘rni yaratildi.

Sentabrdan Toshkent-Parkent yo‘nalishida EP3D elektropoyezdi qatnay boshladi. Qiymati 124 mlrd so‘m bo‘lgan olti vagonli poyezd 586 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan va soatiga 120 km gacha tezlikda harakatlanadi. U umumiy uzunligi 57,6 km bo‘lgan yo‘lni 1 soat 13 daqiqada bosib o‘tadi.

Vagonlarda iqlim nazorati, USB quvvatlash nuqtalari va bepul Wi-Fi bor. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ko‘targichlar va moslashtirilgan joylar, velosiped tashish moslamalari o‘rnatilgan. Xavfsizlik uchun videokuzatuv va to‘qnashuvda zarba kuchini kamaytiruvchi tizimlar ham nazarda tutilgan.

Poyezd kuniga 2000 nafargacha, yiliga 300 ming nafargacha yo‘lovchi tashishi mumkin.

Yo‘l haqi 10 ming so‘m bo‘lib, bu yo‘nalishdagi taksining o‘rtacha narxidan 2,5 baravar arzon.

Safar chog‘ida prezident Toshkent viloyatining iqtisodiy salohiyatidan samaraliroq foydalanish, yerdan unumli foydalanish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalariga to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi va mahsulotlarni qayta ishlash tarmoqlari salohiyatini kamida ikki baravar oshirish mumkin.

Avvalroq elektropoyezd chiptalarini xarid qilish uchun yangi ilova ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi.