O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi shahar atrofi elektr poyezdlarida qatnovlar uchun maxsus ilovani ishga tushirdi. Bu haqda O‘zbekiston temir yo‘llari sho‘ba korxonasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

ElektroPoyezd ilovasi orqali elektr poyezdlar qatnovlarini qidirish va chiptalarni onlayn xarid qilish mumkin. Ilovada shahar atrofi elektr poyezdlari yo‘nalishlari, batafsil qatnov jadvallari hamda foydalanuvchining safarlar tarixi mavjud.

Ilova orqali xarid qilingan elektron chiptalarda QR-kod bo‘ladi. Uni internetga ulanmasdan ham nazoratchiga ko‘rsatish mumkin. Shuningdek, ilova orqali bir oydan bir yilgacha bo‘lgan muddatga abonement xarid qilish imkoniyati mavjud.

ElektroPoyezd ilovasini Android 8.0 va undan yuqori versiyalar uchun Google Play’dan, iOS 15 va undan yuqori versiyalar uchun esa App Store’dan yuklab olish mumkin.

2025-yil sentabrida Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining barcha tumanlarini poytaxt bilan tezyurar elektr poyezdlari orqali bog‘lash bo‘yicha topshiriq bergan.

Yig‘ilishda transport qatnovlarini yaxshilash uy-joy va infratuzilmaga bo‘lgan talabni oshirishi, shuningdek, viloyat aholisi har kuni Toshkentga ishga qatnashiga imkon yaratishi mumkinligi qayd etilgandi.

Joriy yil iyulidan Toshkent — Guliston — Bekobod yo‘nalishida olti vagondan iborat yangi EP3D tarkibi qatnay boshladi. Yana bir tarkib esa sentabr boshida yangi temir yo‘l tarmog‘i orqali Parkent yo‘nalishida qatnovga chiqarildi.


Avvalroq Spot Toshkent shahar Kengashi 10 ta Škoda elektropoyezdi xaridini ma’qullagani haqida yozgandi.