7050/7049-sonli Toshkent-Bekobod-Toshkent shaharlararo elektropoyezdi 18-iyuldan yangi tarkibda qatnay boshlaydi. Bu haqda O‘zbekiston temir yo‘llari xabar berdi.

Yangi elektropoyezd konditsioner tizimi, USB quvvatlantirish portlari, zamonaviy o‘rindiqlar, videokuzatuv va audio-axborot tizimi bilan jihozlangan.

Shuningdek, imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar uchun maxsus chiqish-tushish moslamalari va alohida o‘rindiqlar ham mavjud.

Poyezd Toshkent markaziy vokzalidan soat 18:34 da yo‘lga chiqib, Toshkent Janubiy vokzali, Rahimova, O‘zbekiston, Yangiyo‘l, Chinoz, Sirdaryo, Guliston, Yangiyer, Xovos va Farhod bekatlari orqali 21:38 da Bekobodga yetib boradi.

Qarshi yo‘nalishda esa Bekoboddan soat 06:00 da jo‘nab, shu bekatlar orqali Toshkent markaziy vokzaliga 09:16 da yetib keladi.

Chipta narxi kattalar uchun 15 ming so‘m, bolalar uchun esa 9 ming so‘m etib belgilangan.

13-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev elektropoyezdda Bekobodga borgandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston 10 ta elektropoyezd xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqida yozgandi.