Shavkat Mirziyoyev elektropoyezdda Toshkentdan Bekobod shahriga keldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bekobod vokzalida davlat rahbariga poytaxt va mazkur shaharni bog‘lovchi yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berildi.

192 kilometrlik Toshkent-Bekobod temir yo‘l qatnovi kuniga qariyb ming nafar, yiliga esa 300 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan. Endilikda unda olti vagondan iborat, 586 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan elektropoyezd soatiga 120 kilometrgacha tezlikda harakatlanadi.

Elektropoyezdda yo‘lovchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus ko‘targichlar o‘rnatilgan.

Vagonlar konditsioner va isitish tizimlari, yumshoq o‘rindiqlar, USB quvvatlash nuqtalari hamda Wi-Fi tarmog‘i bilan jihozlangan. Shuningdek, videokuzatuv tizimlari, elektron axborot tablolari va velosipedlar uchun maxsus joylar mavjud.

Prezident temir yo‘l infratuzilmasini yanada rivojlantirish, yo‘lovchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, tarmoqlarni elektrlashtirish va temir yo‘llarga tutash hududlarni obodonlashtirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Shuningdek, davlat rahbari vokzal infratuzilmasi, xizmat ko‘rsatish sifati va yo‘lovchilar harakatini samarali tashkil etish masalalariga alohida e‘tibor qaratdi.

Spot, avvalroq, Škoda Transportation O‘TY sho‘ba korxonasiga 10 ta elektropoyezd yetkazib berishi haqida yozgandi.