Chexiyaning Škoda Transportation kompaniyasi TXIF-2026 ko‘rgazmasida O‘zbekiston temir yo‘llari sho‘ba korxonasi — “Shahar atrofida yo‘lovchi tashish” shahar atrofi tashuvlari operatori bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Bitim “Yevropaning ilg‘or texnologiyalaridan foydalangan holda” harakat tarkibini yangilash uchun O‘zbekistonga 10 ta zamonaviy elektropoyezd yetkazib berishni nazarda tutadi.

Ularning ishga tushirilishi yo‘lovchi tashish sifati va qulayligini xalqaro xavfsizlik va energiya samaradorligi standartlari darajasiga ko‘tarishi kutilmoqda.

Shartnoma doirasida O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish rejalashtirilgan. U mamlakat ichkarisida poyezdlarning tezkor xizmat ko‘rsatishini ta’minlaydi va yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.

2025-yilning kuzida Škoda Group O‘zbekistonda temir yo‘l transportini yig‘ish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish rejasi haqida ma’lum bo‘ldi.

Qo‘shma korxona transportga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bilan shug‘ullanadi, shuningdek, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash uchun akademiya tashkil etadi.

O‘zbekiston temir yo‘llari Chexiya bosh vaziri Andrey Babishning aprel oyida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida elektropoyezdlar yetkazib berish bo‘yicha strategik kelishuv imzolagan edi. Chexiya tomonidan uni Škoda Group bosh direktori Petr Novotniy imzoladi.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, gap Škoda platformalari asosida ishlab chiqarilgan 1520 mm izli 10 ta elektropoyezdni yetkazib berish haqida ketmoqda.

120 mln yevrolik loyiha ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni mahalliylashtirish uchun qo‘shma korxona tashkil etishni, shuningdek, Škoda akademiyasini ochishni o‘z ichiga oladi.


Avvalroq transport vaziri Ilhom Mahkamov O‘zbekiston 10 ta elektropoyezd xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgani haqida aytgandi.