7-sentabrdan Parkent-Toshkent-Parkent yo‘nalishida elektr poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda O‘zbekiston temir yo‘llari xabar berdi.

Yo‘nalishda Rossiyada ishlab chiqarilgan, 586 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan olti vagonli EP3D poyezdi qatnaydi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, yo‘l vaqti taxminan 50 daqiqani tashkil etadi.

Kattalar uchun chipta narxi 10 ming so‘m, 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun esa 6,5 ming so‘m etib belgilangan.

Yangi elektr poyezdni ishga tushirish uchun Baytqo‘rg‘on-Parkent yo‘nalishida elektrlashtirilgan temir yo‘l tarmog‘i qurildi. Uzunligi 24 kilometr bo‘lgan liniya qurilishi 2025-yil yanvarida boshlangan.

Loyiha doirasida uchta temir-beton ko‘prik, bitta avtomobil yo‘l o‘tkazgichi va suv o‘tkazish uchun 76 ta inshoot qurildi. Shuningdek, 16 ta yangi temir yo‘l kesishmasi tashkil etildi.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, yo‘l qurilishi 2025-yil iyunida — Shavkat Mirziyoyevning Parkent tumaniga tashrifi vaqtida deyarli yakunlangan. Joriy yil aprelida Transport vazirligi ushbu uchastkadagi qurilish ishlari to‘liq yakunlanganini ma’lum qilgan.

Bundan tashqari, Parkentda 50 o‘rinli temir yo‘l vokzali foydalanishga topshirildi.

O‘zbekiston temir yo‘llari yangi yo‘nalish Parkent tumanini turistik maskan sifatida rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Kompaniya elektr poyezdlar qatnovi tumanga sayyohlar oqimini oshirishiga umid qilmoqda.


Avvalroq Spot Urganch aeroporti va Xiva o‘rtasida muntazam poyezd qatnovi boshlangani haqida yozgandi.