Urganch aeroporti va Xiva o‘rtasidagi yo‘nalishda CR200J rusumli tezyurar elektropoyezd yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi. Bu haqda O‘zbekiston temir yo‘llari aksiyadorlik jamiyati xabar berdi.
Xitoyning CRRC Dalian Co., Ltd. kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan elektropoyezd 6 ta vagondan iborat bo‘lib, 415 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Poyezdning harakat tezligi 160 km/soatni tashkil etadi.
Elektropoyezdda ekonom toifadagi zamonaviy o‘rindiqlar, har bir o‘rindiqda USB quvvatlantirish qurilmalari hamda iqlim nazorati tizimi mavjud. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun maxsus joylar ko‘zda tutilgan.



7055-sonli Urganch Aerovokzal-Xiva poyezdi soat 08:40 da Urganch aeroportidan jo‘nab, 08:59 da Urganchga yetib keladi. U yerdan 09:02 da yo‘lga chiqib, 09:22 da Xivaga yetib boradi.
Qarama-qarshi yo‘nalishdagi 7058-sonli poyezd Xivadan soat 21:00 da jo‘naydi. U 21:20 da Urganchga yetib kelib, 21:23 da yo‘lini davom ettiradi va 21:42 da Urganch aeroportiga yetib boradi.
| №7055 (Urganch Aerovokzal — Xiva) | №7058 (Xiva — Urganch Aerovokzal) | ||
| Vaqti | Bekat | Vaqti | Bekat |
| 8:40 | Urganch Aerovokzal | 21:00 | Xiva |
| 8:59−9:02 | Urganch temir yo‘l vokzali | 21:20−21:23 | Urganch temir yo‘l vokzali |
| 9:22 | Xiva | 21:42 | Urganch Aerovokzal |
Avgust oyida prezidentning Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida Urganch aeroporti va Xivani bog‘lovchi yangi temir yo‘li ishga tushirilgandi.
Spot, avvalroq, Xorazmdagi ilk pulli yo‘l $150 mln investitsiya evaziga qurilgani haqida yozgandi.


