Avvalroq Mustaqillikning 35 yilligi arafasida, 25-avgust kuni 72 ta yirik sanoat va xizmat ko‘rsatish loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirilgani haqida xabar berilgandi.

O‘zbekistondagi ilk pulli avtomobil yo‘li — Urganch-Xiva trassasi $150 mln investitsiya hisobiga qurildi. Bu haqda Xorazm viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Davletov Shavkat Mirziyoyev ishtirokida hududlarda yangi obyektlarni foydalanishga topshirish marosimida ma’lum qildi.

“Bugun biz $150 mln investitsiya kiritilishi hisobiga amalga oshirilgan Urganch-Xiva birinchi pulli yo‘lning topshirilish jarayonida turibmiz, hurmatli prezident. Ushbu yo‘l Urganch va Xiva shaharlarini bog‘lab, nafaqat mahalliy aholimizga, balki xorijiy sayyohlarga ham xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, turizm salohiyatini oshirishga yordam beradi”, — dedi u.

xorazm, shavkat mirziyoyev, pulli yo‘l, transport, pulli yo'l, urganch-xiva, investitsiya

Joriy yilning fevral oyida qurilishi boshlangan ushbu pulli yo‘lning qiymati o‘sha vaqtda $120 mlnni tashkil etishi ma’lum qilingan edi. Yakunda esa uzunligi 35 km bo‘lgan trassaning qiymati 25% ga oshgan.

Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi matbuot xizmatining Spot’ga ma’lum qilishicha, $120 mln obyektning dastlabki qiymati bo‘lgan. Loyiha doirasida 1 ta yer osti tunneli, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 15 ta ko‘prik va 106 ta suv o‘tkazish inshootlari qurildi.

“Obyektning umumiy qiymati bugungi kunda $150 mlnni tashkil etadi. Hozirda xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda”, — deyiladi izohda.

Pulli yo‘lning o‘tkazuvchanlik quvvati kuniga 30 mingdan ortiq avtomobilni tashkil etadi. Ayni paytda Urganch-Xiva pulli avtomobil yo‘lidan foydalanish uchun to‘lov sayti sinov rejimida ishlamoqda. Yo‘l haqi to‘lash tizimi 25-avgustdan to‘liq ishga tushishi belgilangan edi. Mobil ilova Google Play va App Store’da ham paydo bo‘lishi kerak.

Yengil avtomobil uchun to‘liq yo‘nalish bo‘yicha yo‘l haqi 25 ming so‘m, 28 km uzunlikdagi qisqa yo‘nalish uchun esa 20 ming so‘mni tashkil etadi. Trassada minimal tezlik 40 km/soatni tashkil etadi, qayrilishlarda bu 130 km/soat. Maksimal tezlik — 150 km/soat.

xorazm, shavkat mirziyoyev, pulli yo‘l, transport, pulli yo'l, urganch-xiva, investitsiya

Bir qator obyektlarni ishga tushirish marosimida prezident ushbu ilk pulli yo‘l mamlakat uchun Xorazm tajribasini yaratishini qayd etdi.

“O‘zbekistonda birinchi marta pulli yo‘lni qurishda Xorazm tajribasini boshlayapsiz. Men u yo‘ldan yurib ko‘rdim, odam havas qiladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, Xorazm viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Davletov viloyatga prezidentning yaqinda bo‘lib o‘tgan tashrifi davomida 12 ta yirik investitsiya loyihasi ishga tushirilgani, yana $7,5 mlrdlik loyihalarga start berilganini ta’kidladi. Shuningdek, hozirgacha 55 ta maktab va maktabgacha ta’lim obyekti foydalanishga topshirilgan.

Yil yakunigacha yana $235 mlnlik 10 dan ortiq investitsiya loyihasini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Davletov yil yakunigacha 81 ming kambag‘al oila va 39 ming nafar ishsiz aholini ish bilan ta’minlab, Xorazm viloyatini ishsizlik va kambag‘allikdan holi hududga aylantirishga va’da berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda prezident tashabbusi bilan viloyatga jami 20 trln so‘m mablag‘ ajratilgan. Ushbu mablag‘lar hisobidan hududda bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Xorazmda kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha jamoatchilik nazorati tizimi joriy etilishini ma’lum qildi. Bu bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqilayotgan bo‘lib, ushbu yondashuv Xorazm tajribasi sifatida shakllantiriladi.

“Juda katta natijaga erishamiz va hech qachon hozirgi aytgan raqamlaring Xorazmda bo‘lmagan desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Kelgusi yil kelishib olganimizdek, O‘zbekistonda Xorazm yili bo‘ladi. Shuning uchun Xorazm yiliga bellaringizni mahkam bog‘lab, tadbirkorlik, ishbilarmonlik, ijtimoiy sohalar, maktab va yo‘llar qurilishi loyihalariga tayyor turinglar”, deya xulosa qildi prezident.

Spot, avvalroq, Jizzax viloyati bu yil $2,7 mlrd investitsiya jalb qilishi haqida yozgandi.