O‘zbekistondagi birinchi pulli avtomobil yo‘li — Urganchdan Xivaga olib boruvchi trassa bo‘yicha yo‘l haqi to‘lash tizimi hozirda sinov rejimida ishlamoqda va 25-avgustdan to‘liq ishga tushadi. Bu haqda Spot’ga Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
17-avgust kuni prezident matbuot xizmati Urganch-Xiva (T-001) avtomobil yo‘lida pulli qatnov yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi. Yo‘lda harakatlanish vaqti 45−50 daqiqadan 15−20 daqiqagacha qisqarishi kutilmoqda.
Ertasi kuni Shavkat Mirziyoyev Xivadan Urganch xalqaro aeroportiga uzunligi 35 km bo‘lgan yangi pulli avtomobil yo‘li orqali bordi.
To‘rt polosali trassa loyihasi doirasida yerosti tunneli, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 15 ta ko‘prik va 106 ta suv o‘tkazuvchi inshoot qurildi. Uning o‘tkazuvchanlik quvvati kuniga 30 mingdan ortiq avtomobilni tashkil etadi.
Yo‘l haqi avtomobillarni to‘xtatmasdan elektron shaklda undiriladi. Transport oqimi va to‘lov tizimi sun’iy intellekt asosidagi raqamli yechimlar orqali boshqariladi.







Urganch-Xiva pullik avtomobil yo‘li. Foto: O‘zbekiston 24'dan skrinshotlar
Spot ma’lumotlariga ko‘ra, yengil avtomobil (M1) uchun Xivadan Urganchgacha va orqaga to‘liq yo‘nalish bo‘yicha yo‘l haqi 25 ming so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, uzunligi 28 km bo‘lgan qisqa yo‘nalish — “Turkmanli” mahallasidan Xivagacha bo‘lgan yo‘l mavjud. Uning narxi 20 ming so‘m.
Og‘irligi 3,5 tonnagacha bo‘lgan yengil yuk avtomobillari (N1), 8 nafardan ortiq yo‘lovchiga mo‘ljallangan avtobuslar (M2/M3) va og‘irligi 3,5−12 tonna bo‘lgan o‘rta yuk avtomobillari (N2) uchun to‘liq yo‘nalish narxi 40 ming so‘m, qisqa yo‘nalish esa 25 ming so‘m etib belgilangan.
Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi matbuot xizmatining Spot’ga ma’lum qilishicha, ayni paytda Urganch-Xiva pulli avtomobil yo‘lidan foydalanish uchun to‘lov sayti sinov rejimida ishlamoqda.
Yo‘l haqi to‘lash tizimi 25-avgustdan to‘liq ishga tushadi. Mobil ilova Google Play va App Store’da mavjud bo‘ladi.
Bundan tashqari, sayt orqali yo‘l holati, tirbandliklar, taxminiy harakatlanish vaqti hamda ob-havo sharoitlari haqidagi ma’lumotlarni ko‘rish mumkin.







Urganch-Xiva pullik avtomobil yo‘li. Foto: O‘zbekiston 24'dan skrinshotlar
Saytda elektron hamyon mavjud bo‘lib, uni DEVHUB kompaniyasi ishlab chiqqan VIA uchinchi tomon xizmati orqali yoki bank kartasini ulash orqali to‘ldirish mumkin. Yo‘l haqini qo‘lda to‘lash yoki har bir qatnovdan so‘ng mablag‘ni balansdan avtomatik yechib olish funksiyasini yoqish mumkin.
Shuningdek, saytga davlat raqami, toifasi, ishlab chiqaruvchisi, rusumi va rangi ko‘rsatilgan holda transport vositasini qo‘shish mumkin.
Yo‘l belgilariga ko‘ra, pulli trassada maksimal tezlik 150 km/soat (qayrilishlarda esa 130 km/soat), minimal tezlik esa 40 km/soat etib belgilangan. Yo‘lda piyodalar, mopedlar, ot-aravalar hamda tirkamali transport vositalarining harakatlanishi taqiqlangan. Shuningdek, qayrilib olish va to‘xtash ham taqiqlanadi.
Yanvar oyida Xorazm viloyatida pulli avtomobil yo‘li qurish rejalari ilk bor ma’lum bo‘lgan edi. Yangi trassa Xivani to‘g‘ridan to‘g‘ri Urganch aeroporti bilan bog‘lashi ko‘zda tutilgan.
Fevral oyida Urganch va Xiva o‘rtasidagi birinchi pulli yo‘l qurilishi boshlangan. $120 mlnlik loyiha kuniga 20 mingdan ortiq avtomobil o‘tkazish imkoniyatiga ega, uzunligi 35 km bo‘lgan to‘rt polosali pulli trassa qurilishini nazarda tutadi. Loyiha doirasida 17 ta ko‘prik, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 1 ta tunnel va 5 ta maxsus o‘tish joyi qurilishi rejalashtirilgan.
Iyul oyi oxirida prezident O‘zbekistonning Urganch va Xivani bog‘laydigan birinchi pulli avtomobil yo‘li avgust oyida ochilishini ma’lum qilgandi.
Avvalroq Spot Andijon aeroportining yangi yo‘lovchi terminalini 2026-yil oxirigacha qurish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.













