17-sentabr kuni Toshkent shahar Kengashi Škoda Transportation kompaniyasining 10 ta zamonaviy elektroyo‘poyezdini xarid qilish loyihasini ma’qulladi. Loyihani O‘zbekiston temir yo‘llari buyurtmachi sifatida amalga oshiradi.
Har bir tarkib 4 vagondan iborat bo‘lib, 160 km/soatgacha tezlikda harakatlanadi va 432 nafar yo‘lovchini sig‘dira oladi. Bu amaldagi elektroyo‘poyezdlarga nisbatan 1,8 barobar ko‘p.
Yangi poyezdlar klimat-kontrol, Wi-Fi, yo‘lovchilarni avtomatik hisoblash va axborot tizimi bilan jihozlanadi. Shuningdek, ular Yevropaning ETCS harakatni boshqarish tizimi bilan mos keladi.
10 ta elektroyo‘poyezdni 7 ta yo‘nalish bo‘yicha taqsimlash rejalashtirilgan:
Toshkent-Chirchiq-Xo‘jakent-Chinorkent — 1 ta;
Toshkent-Yangiyo‘l-Chinoz-Sirdaryo-Guliston-Yangiyer-Xovos-Bekobod — 1 ta;
Toshkent-Nurafshon-Ohangaron-Angren — 2 ta;
Toshkent-Keles — 1 ta. Bu yangi yo‘nalish;
Qo‘qon-Pop-Namangan-Andijon-Marg‘ilon halqa yo‘nalishi — 3 ta;
Samarqand-Buxoro — 1 ta. Bu yangi yo‘nalish;
Samarqand-Qarshi-Shahrisabz — 1 ta. Bu ham yangi yo‘nalish.
Yangi poyezdlar hisobiga yo‘lovchi tashish quvvati kamida 20% ga oshishi, tig‘iz vaqtlarda qatnovlar soni esa kuniga 2−3 juftdan 4−5 juftgacha ko‘payishi kutilmoqda.
Loyiha qiymati va moliyalashtirish
Loyihaning umumiy qiymati 157,06 mln yevrodan oshadi. Mablag‘larning asosiy qismi Yevropa investitsiya banki (YIB) krediti hisobidan qoplanadi:
YIB krediti — 123,5 mln yevro (78,63%) — poyezdlarni xarid qilishni moliyalashtiradi;
O‘z mablag‘lari — 14,19 mln yevro (9,04%);
O‘zbekiston ulushi — 19,36 mln yevro (12,33%) — loyiha QQS va investitsiya davridagi moliyaviy xarajatlardan ozod qilingani hisobidan shakllanadi.
YIB krediti ikki transhga bo‘lingan. Birinchi transh shartnoma qiymatining 15% ini, ikkinchisi esa qolgan 85% ini moliyalashtiradi.
Ikkinchi transh bo‘yicha qarzni qaytarish 2049-yil fevraligacha davom etadi. Umumiy qarzni to‘lash muddati 24 yil etib belgilangan.
Kredit bo‘yicha foiz stavkasi 6 oylik EURIBOR va bank marjasi asosida hisoblanadi. Shuningdek, moliyalashtirishni tashkil etish, majburiyat va EGAP sug‘urtasi uchun qo‘shimcha komissiyalar ham nazarda tutilgan.
Yo‘l haqi va subsidiyalar
Yangi elektroyo‘poyezdlarda yo‘l haqi masofaga qarab belgilanadi va bir safar uchun o‘rtacha 10 mingdan 30 ming so‘mgacha bo‘ladi. Tarif davlat tomonidan tartibga solinadi va tashuvchining barcha operatsion xarajatlarini to‘liq qoplamaydi.

Loyiha “net-cost” modeli asosida amalga oshiriladi. Bunda tashuvchi chipta savdosidan tushgan daromadni oladi, tarif tushumi bilan iqtisodiy asoslangan xarajatlar o‘rtasidagi farq esa davlat budjetidan har oy qoplanadi.
2026-yil davlat budjetida ichki temiryo‘l yo‘nalishlaridagi zararlarni qoplash uchun jami 700 mlrd so‘m ajratilgan. Biroq bu mablag‘ mazkur loyiha xarajatlarini to‘liq qoplamaydi. Shu sababli loyiha uchun zarur qo‘shimcha davlat subsidiyasi miqdori moliyaviy model asosida aniqlanadi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi Transport vazirligiga reyslar kechikishi uchun kompensatsiya to‘lash tartibini tasdiqlashni topshirgani haqida xabar berilgandi.