Prezident Parkentda turizm va qurilish materiallari sohasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda mutasaddilarga bir oy ichida barcha temir yo‘l qatnovlari va ichki aviareyslar jadvalini tahlil qilib, aholi va sayyohlar talabiga moslab qayta ko‘rib chiqish topshirildi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Prezident Toshkentdan Chinorkentga boradigan poyezdning misol qilib keltirdi. Uning so‘zlariga manzilga soat 10:30 da yetib boradi, qaytish ekspressi esa 14:20 da jo‘naydi. Natijada Bo‘stonliqqa borgan sayyohda hududni aylanish uchun to‘rt soatga yaqin vaqt qoladi.
Toshkent-Shahrisabz yo‘nalishidagi Afrosiyob tezyurar poyezdi esa faqat yakshanba kuni qatnaydi. Bu qatnovda ham sayyohning shahar bilan tanishishi uchun besh soatga yaqin vaqti bo‘ladi.
Uchrashuvda Samarqand, Buxoro va Xorazmdagi tarixiy maskanlar, Boysun, Aydarko‘l va Parkentning Samsarak qishlog‘ida havo shari, paraplan va deltaplan xizmatlarini tashkil etish mumkinligi aytildi.
Biroq bu faoliyatga ruxsatnoma olish xarajati qariyb 300 mln so‘mni tashkil etmoqda. Taqqoslash uchun, Turkiyada bu to‘lov 13 mln so‘m, Dubayda 10 mln so‘m, Misrda esa bunday to‘lov yo‘q.
Mutasaddilarga kichik aviatsiyani rivojlantirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi. Kelasi yildan har bir hududda kamida bitta manzilda aholi va sayyohlar uchun shunday xizmatlarni yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi.
Avvalroq O‘zbekiston va O‘mon muntazam aviaqatnovlar sonini oshirmoqchi ekani haqida xabar berilgandi.