Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, 2026-yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8%, sanoat 9,2%, xizmatlar 16,1% va investitsiyalar 8,9%ga o‘sgan.
“Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim”, — dedi davlat rahbari.
So‘nggi 10 yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trln so‘m, tadbirkorlikni moliyalashtirish uchun banklar tomonidan 90 trln so‘m yo‘naltirilgan. Joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trln so‘m ajratilgan. Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda investitsiyalarning nafaqat hajmi, balki sifati, tarkibi va iqtisodiyotga ta’siri muhimligi ta’kidlandi. Sanoat va tadbirkorlik uchun ajratilgan 1 ming gektar maydon $7 mlrdlik investitsiya va kamida 70 mingta yuqori daromadli ish o‘rniga aylanishi kerakligi qayd etildi.
Shuningdek, joriy yilga rejalashtirilgan $3,5 mlrd investitsiyalarning mamlakatlar va tarmoqlar bo‘yicha yetarlicha diversifikatsiya qilinmagani ta’kidlandi. IT-xizmatlari eksporti va malakali kadrlar mavjud bo‘lsa-da, sohaning texnologik bazasini mustahkamlashga investitsiyalar yetarli yo‘naltirilmayotgani aytildi.
Davlat rahbari sarmoyalarni yuqori qo‘shilgan qiymat, zamonaviy texnologiya va barqaror ish o‘rinlari yaratadigan yo‘nalishlarga jalb qilish zarurligini ta’kidladi.
Asakada avtomobilsozlik va mashinasozlik bo‘yicha shakllangan 30 yillik tajriba asosida o‘z texnologiyalarini yaratishga o‘tish vazifasi qo‘yildi.
Buning uchun “Asaka muhandislik vodiysi"ni tashkil etib, dasturiy mahsulotlar, elektronika, elektromexanika va muhandislik xizmatlari zanjirini yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.
Viloyatda muhandislik, energetika, sanoat va IT yo‘nalishlarida 10 ming talaba tahsil olmoqda. Ularning g‘oyalarini tayyor mahsulotga aylantiradigan tadqiqot va ishlanmalar markazlarini rivojlantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
To‘qimachilikda esa Yevropadan dizayner, konstruktor va brendlarni jalb etib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish orqali eksportni $1,5 mlrddan oshirish mumkinligi ta’kidlandi.
Endilikda Andijonda investitsiya loyihalarining natijadorligi har bir kvadrat metr maydonda yaratilgan qo‘shilgan qiymat asosida baholanadi.
Spot, avvalroq, Andijonda sanoat korxonalari uchun mutaxassislar tayyorlaydigan texnikum ochilgani haqida yozgandi.
