Avvalroq Spot 16-mart kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent iqtisodiyotida yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash, mavjud zaxiralarni to‘liq ishga solish hamda tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgani haqida yozgan edi.

Unda poytaxtda nostandart takliflar ishlab chiqish maqsadida oxirgi ikki hafta davomida 23 mingdan ziyod tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilgani, 1 300 dan ortiq muammo aniqlangani hamda biznes 162 ta yangi taklif va tashabbus bildirgani ma’lum qilindi. Bu taklif va muammolarning birortasi ham e’tibordan chetda qolmasligi kerakligi ta’kidlandi.

Shuningdek, poytaxtda maxsus investitsiya va ishbilarmonlik muhitini joriy qilish orqali yangi tajriba yaratiladi. Bu quyidagilarni nazarda tutadi:

  • biznes uchun ruxsatnoma va litsenziyalar berish vakolatini tegishli vazirlik va idoralardan ularning hududiy bo‘linmalariga tushirish;
  • eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi yondashuvlarini joriy etish;
  • tadbirkorlarning logistika bilan bog‘liq muammolarini tezkor hal qilish tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • aylanma mablag‘ bilan ta’minlash va biznesni kengaytirish uchun qulay shartlarda yangi moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish.

Tadbirkorlar muammo va takliflarini tezkor hal qilish uchun alohida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish taklif qilindi.

Uning zimmasiga tumanlarni drayver sohalar asosida rivojlantirish, iqtisodiy va ijtimoiy konyunkturani doimiy monitoring qilish, o‘sish nuqtalari va foydalanilmayotgan zaxiralarni aniqlash, tizimli to‘siqlarni bartaraf etish, g‘oya va tashabbuslarni shakllantirish, ularni moliyalashtirish va ijrosini nazorat qilish vazifalari yuklanadi.

Barcha imkoniyatlarni safarbar qilib, qo‘shimcha 88 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, $4,9 mlrdlik eksportni ta’minlash va $5 mlrd investitsiya jalb qilish, budjetga 2,9 trln so‘m tushum ta’minlash, 65,5 mingta yuqori daromadli va doimiy ish o‘rinlari tashkil etish bo‘yicha aniqlangan yangi zaxiralarni ishga solish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, joriy yilda Toshkentga qo‘shimcha $500 mln jalb qilish maqsadida poytaxt yevrobondlarini chiqarish taklif qilindi.

Poytaxt tadbirkorlarini Toshkent, Navoiy, Qashqadaryo, Andijon, Buxoro va Farg‘ona viloyatlaridagi yirik sanoat korxonalari bilan bog‘lab, mahalliylashtirish va kooperatsiyani kengaytirish bo‘yicha dastur tasdiqlash topshirildi.

Kelgusida yirik xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb etgan holda poytaxt iqtisodiyotini chuqur tahlil qilish va rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Avvalroq Spot Toshkentda uy-joy narxiga turli omillar qanday ta’sir qilishi haqida yozgan edi.