16-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri iqtisodiyotida yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash, mavjud zaxiralarni to‘liq ishga solish hamda tadbirkorlik faoliyati uchun yanada qulay sharoitlar yaratish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda bugungi kunda jahondagi vaziyat, tashqi bozorlardagi o‘zgarishlar eksport zanjirlari va mahsulot yetkazib berish muddatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlandi. Bunday sharoitda qo‘shimcha zaxiralarni aniqlab, ularni tezkor ishga solish ustuvor vazifa ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Poytaxt milliy iqtisodiyotda alohida o‘rin tutishi qayd etildi. Bugungi kunda Toshkent yalpi ichki mahsulotning 21% ini ta’minlamoqda. Joriy yil “Poytaxtda jadal rivojlanish va aholi daromadlari o‘sishi yili” deb e’lon qilinib, shahar iqtisodiyotini 12% ga oshirish, $3,6 mlrdlik eksportni ta’minlash, $9 mlrd investitsiya jalb qilish va 616 ming aholi bandligini ta’minlash belgilangan.
Shu bois poytaxt hokimi Shavkat Umurzakov, uning 12 nafar o‘rinbosari va 12 ta tuman hokimi proaktiv ish tashkil qilib, sanoat, eksport, investitsiya va turizm sohalaridagi ehtimoliy pasayishlarning oldini olishi zarurligi ta’kidlandi. Prezident buning uchun poytaxtda mehnat resurslari ham, moliyaviy imkoniyatlar ham yetarli ekanini ta’kidladi.
Yig‘ilishda joriy yil yangicha yondashuv asosida shaharning 12 ta tumani aniq bir sanoat yoki xizmat ko‘rsatish tarmog‘iga ixtisoslashtirilishi qayd etildi.
Xususan, hududlar quyidagi sohalariga yo‘naltiriladi:
- Bektemir tumani — kimyo sanoati va ulgurji savdoga;
- Mirzo Ulug‘bek — tumani kabel sanoati, ilm-fan, ta’lim va IT’ga;
- Mirobod — oziq-ovqat sanoati, turizm va umumiy ovqatlanishga;
- Uchtepa — zargarlik, maishiy xizmat va chakana savdoga;
- Chilonzor — farmatsevtika, savdo, xizmat ko‘rsatish va sportga;
- Shayxontohur — mebelsozlik va gastroturizmga;
- Yunusobod — qog‘oz sanoati va turizmga;
- Yashnobod — elektrotexnika va transport-logistikaga;
- Yakkasaroy — yengil sanoat va moliyaviy xizmatlarga;
- Yangihayot — avtomobilsozlik va logistikaga;
- Olmazor — qurilish materiallari sanoati va ta’limga;
- Sergeli — metallurgiya, logistika va avtoservis.



Avvalroq Spot poytaxtdagi Ulug‘bek shaharchasidagi 190 gektar yer dendrologiya bog‘ini barpo etish uchun poytaxt hokimligiga berilgani haqida yozgan edi.


