O‘zbekistonda iyul oyi yakunlariga ko‘ra iste‘mol narxlarining yillik o‘sishi 6,4% ni tashkil etdi, deyiladi Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida.

Yillik hisobda inflyatsiya darajasi iyun oyidagi darajada (6,4%) saqlanib qoldi. 2025-yilning iyuliga nisbatan narx o‘sishi sur‘ati 2,5 foiz bandga (8,9% edi) pasaydi.

Iyul oyida oylik deflyatsiya -0,1% ni tashkil etdi — taqqoslash uchun, bir yil avval ayni shu davrda ham -0,2% lik deflyatsiya kuzatilgan edi. Yanvar oyidan buyon narxlar 3,2% ga oshdi, o‘tgan yilning shu davrida esa bu ko‘rsatkich 4% bo‘lgan.

Iyul oyida deflyatsiya tendensiyasining shakllanishida oziq-ovqat mahsulotlarining mavsumiy arzonlashuvi asosiy omil bo‘ldi. Oziq-ovqat mahsulotlari va alkogolsiz ichimliklar bo‘limi o‘rtacha narxlar pasayishi hisobiga oy uchun yig‘ma ko‘rsatkichni 0,38 foiz bandga pasaytirdi. Eng sezilarli darajada sabzavotlar, poliz va mevalar arzonlashdi: baqlajon — 42,8%, bulg‘or qalampiri — 39,4%, pomidor — 24%, tarvuz — 20,3%, kartoshka — 18%, shuningdek, qovun — 14,5%ga.

Deflyatsiyaning jilovlovchi ta‘sirini yoqilg‘i va ayrim xizmatlar narxlarining o‘sishi qisman neytrallashtirdi. Uy-joy xizmatlari, suv, elektr energiyasi, gaz va boshqa yoqilg‘i turlari hamda Transport bo‘limlaridagi narx o‘zgarishlari bir oy davomida yig‘ma Iste‘mol narxlari indeksini jami 0,12 foiz bandga oshirdi.

Xususan, bir oyda benzin o‘rtacha 4,8% ga, propan — 1,7% ga, Toshkent viloyatida shahar avtobuslarida yo‘lkira haqi esa — 15,0% ga (respublika bo‘yicha o‘rtacha 1,4% ga) qimmatlashdi. Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatida tariflar oshirilishi sababli maishiy chiqindilarni olib ketish to‘lovi respublika bo‘yicha o‘rtacha 2,7% ga ko‘tarildi.

Meva-sabzavot mahsulotlarini hisobga olmaganda, bir oydagi narxlarning yig‘ma o‘sish darajasi 0,4% ni tashkil etdi (o‘tgan yilning iyulida — 0,5%). Yil boshidan buyon bu ko‘rsatkich 4,6% ga (2025-yilning yetti oyida — 5,7%) oshgan bo‘lsa, uning yillik o‘sishi 6,7% ni tashkil etib, o‘tgan yilgi 10,2% dan past bo‘ldi.

Iyul oyida oziq-ovqat narxlari mavsumiy omil tufayli 0,9% ga arzonladi, holbuki 2025-yilning shu oyida 1% lik pasayish qayd etilgan edi. Yil boshidan buyon oziq-ovqat mahsulotlari 1,5% ga (o‘tgan yilning shu davrida — 0,6%), so‘nggi 12 oyda esa 6,4% ga (2025-yil iyulida — 6,5%) qimmatlashdi.

Nooziq-ovqat mahsulotlari bir oyda 0,3% ga qimmatlashdi (o‘tgan yilning iyulida — 0,2%). Yil boshidan buyon ushbu toifadagi narxlar 4,2% ga (2025-yil yanvar-iyul oylarida — 3,3%) ko‘tarildi, yillik o‘sish esa o‘tgan yilgi 7,1% ga nisbatan 6% gacha sekinlashdi.

Pullik xizmatlar iyul oyida 0,5% ga (bir yil avval — 0,9%), yil boshidan esa 4,6% ga (o‘tgan yilning yetti oyida — 11,7%) qimmatlashdi. Yillik hisobda servis sohasidagi narxlar 6,6% ga o‘sdi (2025-yil iyulida — 16,3%).

Aksariyat hududlarda bir oy davomida narxlar pasaygani qayd etildi. Narxlar eng sezilarli darajada Qashqadaryo viloyatida (-0,3%) pasaydi. O‘nta hududda oylik deflyatsiya -0,2% ni, Toshkent viloyatida esa -0,1% ni tashkil etdi. Toshkent shahrida oy davomida narxlar o‘zgarmadi, faqat Farg‘ona viloyatida (+0,1%) biroz o‘sish qayd etildi.

Bu gal yillik inflyatsiya bo‘yicha 6,9% lik ko‘rsatkich bilan Toshkent shahri birinchi o‘ringa chiqdi. Keyingi o‘rinlarda Andijon va Farg‘ona viloyatlari (har biri 6,7% dan), shuningdek, Jizzax, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari (har biri 6,6% dan) qayd etildi. Yillik hisobda narxlar eng kam Sirdaryo (5,4%) va Surxondaryo (5,9%) viloyatlarida o‘sgan.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5% ga o‘sgani, YIM hajmi 1 kvadrillion so‘mdan oshgani haqida yozgandi.