Prezidentning 12-oktabrdagi qarori bilan 2026−2030-yillarda transport-logistika tizimini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, transport-logistika markazlarining yillik quvvati kamida 40 mln tonnaga, transport va logistika xizmatlari eksporti $3,5 mlrd ga, tranzit yuk tashish hajmi esa 18,5 mln tonnaga yetkaziladi.

Belgilangan talablarga javob beruvchi xalqaro quruqlik portlari soni 24 tadan 30 taga oshiriladi. Chegara o‘tkazish punktlarining yuk tashish va logistika markazlarining konteynerlarga ishlov berish quvvati ikki baravarga ko‘paytiriladi.

Andijon viloyatining Xonobod shahri, Buxoroning Olot, Surxondaryoning Termiz hamda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l va Ohangaron tumanlari transport-logistika sohasiga ixtisoslashtiriladi.

Logistika markazlarida terminallarni boshqarish (TOS) va omborlarni boshqarish (WMS) tizimlari joriy etilib, ular 2030-yil oxirigacha Transport vazirligining E-logistika platformasiga ulanadi.

Transport-logistika markazlari 2040-yilgacha yer va mol-mulk soliqlaridan to‘liq ozod qilinadi. Buning uchun ular:

  • ESCAP (ESKATO)ning quruqlik portlari to‘g‘risidagi bitimiga kiritilgan bo‘lishi;
  • TOS va WMS tizimlarini joriy etishi;
  • E-logistika platformasida “BB” va undan yuqori reytingga ega bo‘lishi kerak.

Shuningdek, reyestrga kiritilgan markazlar uchun O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan ombor uskunalari, yuk ortish-tushirish texnikasi, agregatlar va ehtiyot qismlar 2029-yil 1-avgustgacha bojxona boji hamda majburiy sertifikatlashdan ozod etiladi.

2026-yil 1-noyabrdan xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish uchun amaldagi bojxona yig‘imi stavkasi 20% ga kamaytiriladi.

2025-yil fevralida qabul qilingan hukumat qarori bilan hozirda bu miqdor 1 kg yuk uchun BHMning 2%ini, yaʼni 8 800 so‘mga teng.

Bundan tashqari, M₂, M₃ va N toifasidagi transport vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar 2027-yil 31-dekabrgacha mamlakatda ishlab chiqarilmaydigan komponentlarni bojxona bojisiz import qilishi mumkin.

Spot avvalroq Wildberries oktabr oyi oxirida Toshkent yaqinida logistika xabi qurilishini boshlashi haqida yozgandi.