Wildberries & Russ kompaniyasi O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan yirik infratuzilma loyihasini amalga oshirish bo‘yicha investitsiya shartnomasini imzoladi. Bu haqda Spot‘ga kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Kelishuv 6-oktabr kuni Farg‘onada bo‘lib o‘tgan Rossiya va O‘zbekiston hududlari kengashining uchinchi yig‘ilishida imzolandi. Hujjatda Toshkent viloyatining Zangiota tumanida zamonaviy ko‘p tarmoqli logistika majmuasini qurish ko‘zda tutilgan.
Logistika xabi poytaxtning Yangihayot tumani bilan chegaradosh Bog‘zor mahallasidagi 67,3 gektarlik maydonda joylashadi. Hozirda loyihalash ishlari olib borilmoqda, qurilish esa oktyabr oyi oxirida boshlanishi kutilmoqda.
Hujjat doirasida Wildberries obyektni o‘z vaqtida foydalanishga topshirish va inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi. Marketpleys majmuada kamida 7500 ta ish o‘rni yaratishni rejalashtirmoqda, yana kamida 2000 kishi maxsus ta‘lim dasturlari bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tadi.
Loyiha O‘zbekiston mahsulotlarini xorijiy bozorlarda ilgari surishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta‘kidlandi. Kompaniya hisob-kitoblariga ko‘ra, xab qurilishi ombor infratuzilmasini kengaytirish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini qo‘llab-quvvatlashda muhim qadam bo‘ladi.
Wildberries Toshkent viloyatida logistika markazi qurilishini ilk bor 2023-yil oktabrida e‘lon qilgan edi. Marketpleys 150 ming kvadrat metr maydonga ega obyekt qurilishiga $140 mln gacha sarmoya kiritishni rejalashtirgan edi.
Wildberries & Russ birlashgan kompaniyasi rahbari Tatyana Kim 2024-yil aprelida marketpleys O‘zbekistonda ikkinchi logistika markazini qurish niyatida ekanini tasdiqlagan edi.
“O‘zbekistonda logistika markazini qurish rejalari o‘zgarmadi va o‘zgarishi ham dargumon. Chunki, birinchidan, iste‘molchilar nuqtai nazaridan O‘zbekistonda juda katta bozor mavjud. Ikkinchidan, biz uchun eng muhimi — garchi xaridorlarni jalb qilish vazifasi hamon dolzarb bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, nazarimda, hozir ko‘proq ishlab chiqaruvchilar uchun kurash ketmoqda”, — dedi Kim.
2025-yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Wildberries & Russ bosh ijrochi direktori Robert Mirzoyan loyihalashtirilayotgan xab ko‘lami kengaytirilishini ma‘lum qildi. Qayta ko‘rib chiqilgan rejaga ko‘ra, uning maydoni 180 ming kvadrat metrni, investitsiyalar hajmi esa $150 mln ni tashkil etadi.
RF bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov o‘sha yilning dekabr oyida Wildberries 2026-yil oxiriga borib O‘zbekistonda yirik logistika markazini ochishni rejalashtirayotganini ma‘lum qilgan edi. Mulozimning so‘zlariga ko‘ra, u mamlakatdagi shu turdagi eng yirik obyektga aylanadi.
Joriy yilning iyun oyida Robert Mirzoyan Wildberries O‘zbekiston iqtisodiyotiga $300 mln dan ortiq sarmoya kiritishni rejalashtirayotgani haqida aytgan edi. Kompaniya mavjud saralash markazi hamda qurilayotgan 170 ming kvadrat metrlik ombor majmuasini boshqa mamlakatlardagi obyektlar bilan bog‘lash maqsadida mintaqaviy logistika xabini yaratmoqchi.
Spot avvalroq UzPost Wildberries’dan qarz olishni shartlar aniqlashgach qayta ko‘rib chiqishi mumkinligi haqida yozgandi.