“Wildberries” kompaniyasi Toshkent viloyatida logistika markazi qurish uchun yer uchastkasi qidirmoqda. Bu haqda marketpleys asoschisi va bosh direktori Tatyana Bakalchuk 13-aprel kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar beradi “Spot” muxbiri.

“Yer uchastkasini topish ustida qizg‘in ish olib boryapmiz. Bu masala hali ham ko‘rib chiqilmoqda. O‘zbekistondagi bir nechta nuqtalarni ko‘rib chiqyapmiz. Menimcha, birinchisi Toshkent yaqinida bo‘lishi kerak, chunki bu markaz. Uchastka topilganda relyef, gektar hajmi kabi talablar qo‘yiladi”, — dedi Tatyana Bakalchuk.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Wildberries"ning yer uchastkalariga qo‘yadigan talablaridan biri bu avtomagistrallarga yaqin joylashuvdir. Maydonlarni topishdagi qiyinchiliklar qishloq xo‘jaligi uchun ajratilgan yerlarning maqsadi bilan izohlanadi, dedi u.

“O‘zbekistonda logistika markazini qurish rejalari o‘zgargani yo‘q va o‘zgarishi dargumon. Birinchidan, mamlakatda iste’molchilar nuqtayi nazaridan juda katta bozor mavjud. Ikkinchidan, biz uchun xaridorlarni jalb qilishdan (garchi bu saqlanib qolsa ham) ham muhimroq narsa, fikrimcha, hozir ishlab chiqaruvchilar uchun kurash ketmoqda”, — dedi Bakalchuk.

2023-yilning oktabrida “Wildberries” kompaniyasi Toshkent viloyatida ikkinchi logistika markazini qurish rejasini e’lon qildi. Marketpleys 150 ming kvadrat metr maydonga ega obyektni qurish uchun $140 mlngacha investitsiya kiritishni rejalashtirgan.

O‘tgan yil yakuniga ko‘ra, kompaniya tomonidan mamlakatga kiritilgan investitsiyalar $412,5 mlnni tashkil etib, natijada 22,5 mingta ish o‘rni yaratildi. 2024-yilda Toshkent, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida omborxonalar maydoni 350 ming kvadrat metrga, sotuvchilar soni esa 15 ming nafarga yetkaziladi.

Avvalroq “Wildberries” O‘zbekistonda yangi qabul qilish punktlarini ochish uchun subsidiyalar ajrata boshlagani haqida xabar berilgandi.