Avvalroq prezident Toshkentda mahallalarni obodonlashtirish, yangi maktab va bog‘chalar qurish hamda shahar muhitini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Poytaxtda aholi soni o‘sishi bilan o‘quvchi o‘rinlari tanqisligi ortib borayotgani aytildi. 2025−2026-o‘quv yilida u 141 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, keyingi besh yilda o‘quvchilar soni 71 mingtaga (14%) ko‘payishi hisobiga 2030−2031-o‘quv yiliga borib, 212 mingtaga yetishi mumkin.

Shu bois, 2030-yilgacha respublika budjeti hisobidan 48 mingta, mahalliy budjet hisobidan 78 mingta yangi o‘quvchi o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Natijada maktablarning yuklamasi hozirgi 1,4 koeffitsiyentdan 2030-yilda 1,2 gacha pasayadi.

2026−2027-o‘quv yili uchun umumiy maydoni 64,6 ming kvadrat metr bo‘lgan, jami 38 ming o‘rinli 24 ta yangi maktabning loyihalari tayyorlangan. Maktablarning amaldagi namunaviy loyihalariga 17 ta yangi imkoniyat qo‘shilmoqda.

Jumladan, qo‘shimcha o‘quv maydonlari, kutubxona, sport va madaniyat tadbirlari uchun moslashuvchan zallar, o‘qituvchilar uchun qulay xonalar ko‘zda tutilgan. Loyihalarda pandus va liftlar, inklyuziv taʼlim xonalari, tibbiy xonalar, xavfsizlik hamda energiya tejamkorlik yechimlari ham nazarda tutilgan.

Harakat va suv datchiklari hisobiga elektr energiyasi sarfi 20% gacha, suv sarfi 10% gacha tejaladi. Yangi yechimlar yer maydonini 50% tejash, bir o‘quvchiga to‘g‘ri keladigan maydon samaradorligini 15% ga oshirish, sport maydonlarini uch barobar kengaytirish imkonini beradi. Umuman olganda, namunaviy loyihalar samaradorligi 40% ga oshiriladi.

Xususiy taʼlim markazlarining davlat maktablari bilan hamkorligi yo‘lga qo‘yiladi. Bu o‘quvchilarning maktabning o‘zida oliygohlarga tayyorlanishi va yangi tillarni o‘rganishi uchun sharoit yaratadi.

Shaharda 3−7 yoshli bolalar soni 253 mingtani tashkil etadi. Ularning maktabgacha taʼlim bilan qamrovi 79,2%, bog‘chalardagi o‘rinlar tanqisligi esa 65 mingta. Shu bois, 2030-yilgacha respublika budjeti hisobidan 8 mingta, mahalliy budjet hisobidan 32 mingta qo‘shimcha bog‘cha o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda.

Natijada 2030-yilda qamrov 92% ga yetkaziladi. 2026−2027-o‘quv yili uchun esa umumiy maydoni 32 ming kvadrat metr bo‘lgan, jami 16 ming o‘rinli 28 ta yangi bog‘chaning besh turdagi loyihalari tayyorlangan.

Bog‘chalarning namunaviy loyihasiga bolalar rivojlanishi va salomatligiga xizmat qiluvchi 14 ta yangi yechim kiritilmoqda. Ularda sensor va logoped xonalari, psixologik-pedagogik yordam ko‘rsatish joylari, tibbiy blok, turli mashg‘ulotlarga moslashtiriladigan zallar bo‘ladi.

Bolalar xavfsizligi uchun videokuzatuv va jarohatdan himoyalovchi qoplamalar, qulay muhit yaratish uchun havo tozalagichlar, shuningdek, energiya tejamkor yoritish va quyosh panellari ko‘zda tutilgan. Bu orqali namunaviy loyihalar samaradorligi 38% ga oshiriladi.

Taqdimotda Uchtepa tumanida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan Uchtepa city zamonaviy ishbilarmonlik markazini barpo etish loyihasi ham taqdim etildi.

37 gektar hududda ikki bosqichda amalga oshiriladigan loyihaning birinchi bosqichida 26 gektarda investor tomonidan $1 mlrd investitsiya kiritiladi. Ikkinchi bosqichda 11 gektarda turar joy va xizmat ko‘rsatish binolari quriladi. Markazda ko‘p qavatli turar joylar, ofislar, savdo-ko‘ngilochar majmua, xalqaro brendga ega mehmonxona va sayilgoh barpo etiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston — Turkiya do‘stlik bog‘i va Otaturk ko‘chasining meʼmoriy konsepsiyasi ham namoyish qilindi.

Davlat rahbari mutasaddilarga taqdim etilgan loyihalarni aholi ehtiyojlari va shaharsozlik talablari asosida yanada puxta ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berdi.


Spot avvalroq Toshkentdagi 62 ta ko‘chada sayr hududlari va gavjum ko‘chalar tashkil etishga 22 mlrd so‘m ajratilishi haqida yozgandi.