Rossiyaning “Wildberries” marketpleysi O‘zbekiston mahsulotlarini Rossiyaga yetkazib berish muddatini sezilarli darajada qisqartirdi. Bu haqda Verona Yevroosiyo iqtisodiy forumi doirasida kompaniyaning O‘zbekistondagi GR menejeri Sardor Qodirov “Spot"ga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oldinlari O‘zbekiston mahsulotlari savdo maydoniga kirishi uchun ko‘plab jarayonlardan o‘tgan va bu ko‘p vaqt talab qilishi bois, ishlab chiqaruvchilar bu bilan shug‘ullanishni xohlashmagan.

“Marketpleys bu bosh og‘rig‘ini olib tashlaydi. [Wildberries] o‘zbek ishlab chiqaruvchilariga yuk jo‘natishi mumkin bo‘lgan unikal vaziyatni taqdim etadi va u [yuk] Moskvaga uch kun, ya’ni, 70 soat ichida yetib boradi”, — dedi Sardor Qodirov.

U, shuningdek, yetkazib berishni tezlashtirish Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magi hamda “UzPost” va “Rossiya pochtasi” bilan hamkorlik natijasida amalga oshirilganini qayd etdi.

“Biz tovarlarni pochta orqali jismoniy shaxslarga jo‘natamiz. Bu xarajatlarni, ya’ni bizning xarajatlarimiz va yetkazib beruvchi xarajatlarini kamaytiradi, eng muhimi, yetkazib berish vaqtini qisqartiradi. Moskvaga o‘rtacha yetkazib berish muddati 5−10 kunni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda uch kunlik ko‘rsatkichga o‘tmoqdamiz”, — dedi Qodirov.

Shuningdek, ma’lum qilinishicha, savdo maydonidagi O‘zbekiston tovarlari savdosi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 84%ga oshib, $311 mlnni tashkil etgan.

Shu bilan birga, eng tez o‘sayotgan mahsulotlar toifasi uy-ro‘zg‘or buyumlari bo‘lib, 806%ga oshgan. Keyingi o‘rinlarda kosmetika va parfumeriya (528%ga o‘sgan), sog‘lomlashtiruvchi mahsulotlar (433%), o‘yinchoqlar (386%) va hunarmandchilik (325%) mahsulotlari turibdi.

“Biz hukumatga [O‘zbekistondan olingan mahsulotlarni] $1 mlrdga eksport qilishimizni kafolatlagandik. Biz odamlar o‘z so‘zi uchun javob beradigan mahallada o‘sganmiz”, — deya xulosa qildi Sardor Qodirov.

Ayni paytda Wildberries kompaniyasining mamlakatga kiritgan investitsiyalari 412,5 mlnni tashkil etadi va buning natijasida 22,5 mingta ish o‘rni yaratildi. 2024-yilda Toshkent, Farg‘ona va Namangan viloyatlaridagi omborxonalar maydoni 350 ming kvadrat metrga, saytdagi sotuvchilar soni esa 15 mingtagacha yetkaziladi.

Avvalroq “Wildberries” Toshkent viloyatida logistika markazini qurish uchun $140 mln yo‘naltirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.