9-oktabr kuni qabul qilingan hukumat qarori (557-son) bilan O‘zbekistonda biznesni ro‘yxatga olishni o‘tkazish chora-tadbirlari tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, ro‘yxatga olish 2026-yil 15-oktabrdan 30-noyabrga qadar o‘tkaziladi. Ro‘yxatga olish sanasi sifatida joriy yil 1-oktabr, soat 00:00 belgilangan.

Ushbu jarayonda iqtisodiy birliklar — yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, dehqon xo‘jaliklari, o‘zini o‘zi band qilganlar hamda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgan subyektlar qamrab olinadi.

Yuridik shaxslar hisobot.stat.uz portali orqali, o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxslar esa census.stat.uz sayti orqali mustaqil ro‘yxatdan o‘tadi.

Ro‘yxatga oluvchi xodimlar iqtisodiy birliklarni ular faoliyat yuritayotgan manzilda ro‘yxatga oladi. Bunda so‘rovlar soat 09:00 dan 18:00 gacha o‘tkaziladi.

Qarorga ko‘ra, respondentlar haqidagi ma’lumotlar sir saqlanadi va faqat statistik maqsadlarda foydalaniladi. Savol va murojaatlar uchun esa 1851 qisqa raqamli koll-markaz tashkil etiladi.

Ro‘yxatga olish yakunlari bo‘yicha ma’lumotlar Milliy statistika qo‘mitasining rasmiy saytida 2027-yil 1-sentabrga qadar e’lon qilinadi. Tadbir tugaganidan keyin 10 kun davomida ro‘yxatga olingan iqtisodiy birliklarning 5% igacha bo‘lgan qismi tanlanma nazorat asosida tekshiriladi.

Sentabr oyi boshida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda oktabr-noyabr oylarida biznesni ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Undan keyin davlat rahbari “Statistikani rivojlantirish — 2030” milliy strategiyasini tasdiqlash va ro‘yxatga olish ma’lumotlaridan foydalanishga oid farmonni imzoladi.

Avvalroq Spot davlat tashkilotlaridagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati tartibga solingani haqida yozgan edi.