Qozog‘iston 2027-yil 1-iyuldan boshlab mamlakatga vizasiz kiradigan xorijiy fuqarolar uchun QazETA elektron ruxsatnomasini majburiy qiladi. Bu bo‘yicha tegishli hukumat qarori tasdiqlandi.

Yangi tartibga ko‘ra, chet el fuqarolari safardan kamida 72 soat oldin elektron ruxsatnoma olish uchun ariza topshirishi kerak. Hujjat bepul rasmiylashtiriladi va 180 kalendar kun davomida amal qiladi.

Biroq ruxsatnomaning mavjudligi Qozog‘istonga kirish kafolatlanganini anglatmaydi, chunki yakuniy qarorni chegara xizmati qabul qiladi.Yangi talablar bosqichma-bosqich joriy etiladi.

2026-yil 1-noyabrdan QazETA dastlab Oqtov xalqaro aeroporti va to‘rtta avtomobil chegara o‘tkazish punktida tekshiriladi. 2027-yil 1-yanvardan talab Ostona va Olmaota xalqaro aeroportlarida ham qo‘llanadi.

2027-yil 1-martdan esa elektron ruxsatnomani tekshirish mamlakatning boshqa chegara o‘tkazish punktlarida ham yo‘lga qo‘yiladi. 1-iyuldan boshlab ruxsatnomasiz kelgan xorijliklarning Qozog‘istonga kirishi rad etilishi mumkin.

QazETA, asosan, Qozog‘istonga vizasiz kirish huquqiga ega bo‘lgan xorijiy fuqarolar uchun mo‘ljallangan. Shu bilan birga, ayrim toifadagi shaxslar ushbu ruxsatnomani olishdan ozod etiladi.

Ular orasida 16 yoshga to‘lmagan bolalar, 65 yosh va undan katta shaxslar, amaldagi Qozog‘iston vizasi yoki vaqtincha yashash ruxsatnomasiga ega xorijliklar, doimiy yashash guvohnomasi egalari, qochqinlar va boshpana izlayotganlar, diplomatik hamda xizmat pasportlari egalari bor.

Xalqaro aeroportning tranzit hududidan chiqmaydigan yo‘lovchilar va xalqaro tashuvlarni amalga oshiruvchi ayrim transport ekipajlari ham istisnolar qatoriga kiradi.

Yangi tartib o‘zbekistonliklarga ham taalluqli bo‘ladi. Ular ham Qozog‘istonga safar qilishdan oldin QazETA elektron ruxsatnomasini rasmiylashtirishi kerak.

Elektron ruxsatnoma Qozog‘istonda uzoq muddat qolish yoki ishlash uchun avtomatik huquq bermaydi. Buning uchun mamlakatning migratsiya qoidalariga rioya qilish va zarur hujjatlarni rasmiylashtirish talab etiladi.

Yangi qaror doirasida Qozog‘istonda xorijliklarni hisobga olish va migratsiya qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish tartibi ham yangilanadi.

Xorijliklarning mamlakatda qonuniy qolish muddati va hujjatlari tekshirilishi mumkin. Mehmonxonalar, yotoqxonalar va boshqa yashash joylarida ham nazorat o‘tkazilishi mumkin.

Xorijlikni qabul qilayotgan jismoniy yoki yuridik shaxs uning kelgani haqida ichki ishlar organlariga uch ish kuni ichida xabar berishi kerak. Migratsiya qoidalarini buzgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar tegishli elektron bazalarga kiritiladi.

Bundan tashqari, Qozog‘istondan sud qarori bilan chiqarib yuborilgan xorijliklarga qaror ijro etilgan kundan boshlab besh yil davomida mamlakatga kirish taqiqlanishi haqidagi qoida ham belgilangan.


Avvalroq Spot 1-noyabrdan o‘zbekistonliklarning Misrga kirish talablari kuchaytirilishi haqida yozgandi.

Fuqarolar Misrga borishdan oldin viza olishlari, yoshga oid cheklovlar va moliyaviy talablarga amal qilishlari kerak.