General Motors‘ning UzAuto Motors uchun bergan ruxsatnomalari muddatini uzaytirish korxonani xususiylashtirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan strategiya doirasida ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov “Daryo"ga bergan intervyusida ma‘lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain kompaniyalarini xususiylashtirish jarayonlari allaqachon boshlangan, biroq ayni paytda korxonalar xususiylashtirishga tayyorgarlik bosqichida turibdi. Strategiyani ishlab chiqish uchun DABA, jumladan, avtomobilsozlik sohasiga ixtisoslashgan Alvarez & Marsal xalqaro konsalting kompaniyasini jalb etdi.

Murodov konsultant nafaqat strategiyani ishlab chiqishi, balki kelgusi savdolar chog‘ida ham agentlik bilan hamkor va maslahatchi sifatida ishlashda davom etishini ta‘kidladi. Shu bilan birga, DABA rahbari xususiylashtirish aniq bir investor manfaatlarini ko‘zlab o‘tkazilayotgani haqidagi taxminlarni rad etdi.

“Chunki hali biz sotuvni eʼlon qilish bosqichiga yetib kelganimiz yo‘q. Biz hali korxonani xususiylashtirishga tayyorlash jarayonidamiz. Qachonki sotish haqida strategiyadagi navbat kelib, investorlar bilan muzokaralar o‘tkazish jarayoniga o‘tganimizdan keyingina bu haqida xulosa qilsa bo‘ladi”, — dedi u.

Murodovning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro amaliyotda sotish jarayoni bir necha bosqichdan iborat bo‘ladi: avval manfaatdor kompaniyalardan arizalar yig‘iladi, so‘ng majburiyat yuklamaydigan takliflar, yakuniy bosqichda esa majburiy takliflar qabul qilinadi. Faqat shundan keyingina potensial xaridorlarning aniq doirasini belgilash mumkin.

GM litsenziyasining muddati tugayotgani haqida gapirar ekan, DABA rahbari tomonlar o‘rtasida “yaxshi hamkorlik” saqlanib qolayotganini hamda ruxsatnomalar muddatini uzaytirish masalalari ishlab chiqilayotgan xususiylashtirish strategiyasida inobatga olinganini ta‘kidladi.

“Bu ham inobatga olinadi. Bu xususiylashtirish strategiyasining ichidagi yo‘nalishidan biridir”, — deya javob berdi Murodov litsenziyaning uzaytirilishi ehtimoli haqidagi savolga.

davaktiv agentligi, davlat  aktivlari, general motors, uzauto motors

Kontekst

Sentabr oyida DABA UzAuto Motors xususiylashtirilishi ochiq va raqobatbardosh asosda o‘tishini ma‘lum qilgan edi. Unda qonunchilik talablariga javob beradigan har qanday investor alohida kompaniyalarga imtiyozlar yoki ustunlik huquqi berilmagan holda ishtirok eta oladi.

UzAuto Motors‘ni sotishga tayyorgarlik tasdiqlangan xususiylashtirish dasturi doirasida allaqachon boshlangan. Alvarez & Marsal xalqaro konsultanti UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain korxonalarida due diligence o‘tkazmoqda.

Gap UzAuto Motors‘ning 99,7% i va UzAuto Motors Powertrain‘ning 100% ulushini sotish haqida bormoqda.

“Avtostrada” nashri ma‘lumotlariga ko‘ra, “O‘zavtosanoat” va General Motors o‘rtasidagi bitim 2017-yilning oktabr oyida 10 yil muddatga imzolangan. Kelishuv doirasida UzAuto Motors GM modellarini ishlab chiqarish litsenziyasi, Chevrolet brendidan foydalanish huquqi va kompaniya texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Mazkur kelishuvning amal qilish muddati 2027-yilda tugaydi.

Spot avvalroq Toshkentda vazirlik va idoralarning yettita ma‘muriy binosi $73,5 mln ga sotilgani haqida yozgandi.