Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov ayrim bitimlar yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan tanqidlarga qaramay, “yashirin xususiylashtirish” amaliyoti qo‘llanganini rad etdi. Bu haqda u “Daryo” nashriga bergan intervyusida ma‘lum qildi.

“Yashirin xususiylashtirish” haqidagi savol O‘zbekneftgaz tarkibidagi UNG Petro AYQShlar tarmog‘i hamda Chinoz neftni qayta ishlash zavodi atrofidagi muhokamalar doirasida berildi. Tanqidchilarning fikricha, ushbu aktivlar ochiq savdolarsiz, yashirincha “davlat amaldorlariga yaqin shaxslar"ga berib yuborilgan bo‘lishi mumkin.

Murodovning ta‘kidlashicha, “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahriri 2024-yilda jamoatchilik e‘tirozlari inobatga olingan holda va xalqaro ekspertlar ishtirokida qabul qilingan. Unda xususiylashtirishning to‘qqizta usuli “juda aniq va shaffof” belgilab qo‘yilgan. Ilgari bu usullarning bir qismi qonunning o‘zida emas, balki qonunosti hujjatlarida belgilangan bo‘lib, Davaktiv rahbari fikricha, bu holat jamoatchilikda qo‘shimcha savollar tug‘dirishi mumkin edi.

“U yerda yashirin xususiylashtirish bo‘lmagan”, — dedi Murodov.

U o‘sha davrda Davaktiv agentligida hali ishlamaganini, biroq keyinchalik ijtimoiy tarmoqlar va OAVda muhokama qilingan ushbu holatlarni atroflicha o‘rganib chiqqanini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gap yashirin sotish haqida emas, balki xalqaro konsultantlar jalb etilgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar yo‘li bilan xususiylashtirish to‘g‘risida ketgan. Bunday bitimlar natijalari ham e‘lon qilib borilgan, biroq jarayon haqidagi axborot doim ham keng yoritilmagan va har bir bosqichda izchil taqdim etilmagan.

“Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilingan keyslarni ko‘radigan bo‘lsangiz, u yashirin xususiylashtirish emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkazish orqali, xalqaro konsultantlarni jalb qilgan holda xususiylashtirish bo‘lgan va natijalar ham eʼlon qilingan aslida”, — dedi Davaktiv rahbari.

Murodov axborot yetishmovchiligi tanqidiy baholar paydo bo‘lishiga turtki bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini tan oldi. Uning aytishicha, mazkur masalani o‘rganish davomida Davaktiv agentligi xususiylashtirish jarayoni haqidagi ma‘lumotlarni fuqarolarga har bir bosqichda yetkazib borish, shuningdek, birlamchi manba qayerdaligini faolroq tushuntirish zarur degan to‘xtamga kelgan. “Avval ham yetkazib berilgan, faqat qaysi manbadan yetkazilayotganligi ko‘proq targ‘ibot qilinmagan ekan”, — deya ta‘kidladi u.

chinoz neftni qayta ishlash zavodi, davaktiv agentligi, sohibjon murodov, ung petro

Hozirda xususiylashtirishga oid ma‘lumotlar agentlikning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida hamda rasmiy saytida joylashtirilmoqda. Shu bilan birga, idora jarayonning ochiqligini yanada oshirish maqsadida maxsus elektron platforma ishlab chiqdi. Ushbu platforma nafaqat sotilayotgan aktivning o‘zini, balki uni sotish jarayoni qaysi bosqichda ekanini ham ko‘rsatib turishi lozim.

“Kelgusida har bitta aktivni, har bitta bosqichini, demak, jamoatchilikka oshkor qilib borish bo‘yicha, demak, elektron platforma qildik. Yuqorida aytganimdek, o‘sha saytimiz bor-ku, kirsangiz, aktivni faqat o‘zi emas, u qaysi jarayonda ekanligini ham ko‘rasiz”, — deya xulosa qildi Murodov.

UNG Petro va Chinoz NQIZning xususiylashtirilishi

O‘zbekneftgaz Chinoz neftni qayta ishlash zavodi va UNG Petro AYQShlar tarmog‘ini 453 mlrd so‘mga sotgan, bu haqda davlat kompaniyasining yillik hisobotida ma‘lum qilingan. Petroleum Technology Group har ikkala aktivni 2023-yilning noyabr oyida sotib olgan. Shu bilan birga, bitim to‘g‘risida rasmiy xabarlar e‘lon qilinmagan, OAV esa KTYDRda mulkdorlar o‘zgarganiga faqat 2024-yilning fevral-mart oylariga kelibgina e‘tibor qaratgan.

Sotuv paytida asosiy aktivlarning balans qiymati 206 mlrd so‘mni, moddiy zaxiralar esa 38 mlrd so‘mni tashkil etgan. Yana 187 mlrd so‘m kreditorlik qarzdorligiga, 116 mlrd so‘m esa “boshqa aktivlar"ga to‘g‘ri kelgan. Aktivlarning umumiy bahosi 547 mlrd so‘mni tashkil qilgan. 288 mlrd so‘mlik debitorlik qarzdorligi va boshqa majburiyatlar chegirib tashlangach, har ikki korxonaning jami sof aktivlari 259 mlrd so‘mga baholangan.

O‘zbekneftgaz hisobotida, shuningdek, Chinoz NQIZ va UNG Petroning jami sof balans qiymati hamda olingan to‘lov o‘rtasidagi farq “Boshqa nooperatsion daromadlar” satrida aks ettirilgani qayd etilgan. Ushbu satrda 194 mlrd so‘m ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, hujjatda farqning o‘zi 260 mlrd so‘m ekani keltirilgan bo‘lib, bu esa bitim summasi aslida kattaroq bo‘lgani va qariyb 519 mlrd so‘mni tashkil etganini anglatishi mumkin.

2023-yil oktyabr oyida tashkil etilgan Petroleum Technology Group kompaniyasining 99% i Komilov Doniyor Abdulazizovichga, yana 1% i esa to‘liq Komilovga tegishli Delta Global Dynamics kompaniyasiga tegishli bo‘lgan. Xuddi shunday ism-familiyali shaxs prezidentning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi va sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li hisoblanadi.

Davaktiv agentligi Chinoz NQIZni 2022-yil noyabr oyida xususiylashtirishga chiqargan edi. 2023-yil iyun oyida UNG Petro ham sotuvga tayyorlanayotgani xabar qilingan, biroq kompaniya bo‘yicha ochiq savdolar e‘lon qilinmagan. 2024-yil mart oyida esa Raqobat qo‘mitasi UNG Petro sotilishiga oid vaziyat o‘rganilayotganini va bu borada xulosa taqdim etilishini ma‘lum qilgan.

Spot avvalroq UzAuto Motors‘ni xususiylashtirish doirasida GM litsenziyasini uzaytirish masalasi ko‘rib chiqilayotgani haqida yozgandi.