2026-yilning yanvar-sentyabr oylarida davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimi orqali 235 201 nafar fuqaroga jami 1,43 trln so‘m nafaqa to‘landi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Shundan 111 689 nafar ayolga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi sifatida 1 trln 269,5 mlrd so‘m, 123 512 nafar fuqaroga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi sifatida 159,2 mlrd so‘m to‘langan.
Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi bo‘yicha jami 170,5 mingta dekret varaqasi kelib tushgan. Jami 111,8 ming nafar ayolga nafaqa tayinlangan bo‘lib, ularning 90,9 ming nafari (81%) budjet tashkilotlarida, 20,9 ming nafari (19%) xususiy korxonalarda ishlaydi.
2026-yilda xususiy sektorda nafaqa oluvchilar soni 20 906 nafarga yetdi. Bu 2025-yilga nisbatan 2,2 baravarga yoki 9 411 nafarga ko‘p. O‘rtacha to‘lov miqdori esa 2,7 mln so‘mdan 13,6 mln so‘mgacha ko‘paygan.
Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha 284,8 mingta kasallik varaqasi kelib tushib, 186,4 ming kishiga nafaqa tayinlangan. Nafaqa tayinlanganlar ulushi 65% ni tashkil etgan.
Yangi tizimning huquqiy asosini Xalqaro mehnat tashkilotining 102 va 183-sonli konvensiyalari, “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida"gi qonun hamda prezidentning 2025-yil 3-noyabrdagi PF-206-sonli farmoni tashkil etadi.
Yangi tartibda homiladorlik va tug‘ish hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali proaktiv — fuqaroning alohida murojaatisiz tayinlanadi. Natijada nafaqa tayinlash va to‘lash ish beruvchining xohishi yoki moliyaviy holatiga bog‘liq bo‘lmaydi.
Iyul oyida Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ish beruvchilar va HR mutaxassislari homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini tayinlashning yangi tartibidan hali to‘liq foydalanmayotganini qayd etgan edi.
Spot avvalroq O‘zbekistonda dekret va kasallik nafaqalarini tayinlash tartibi o‘zgargani haqida yozgandi.