2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 66 mingdan ortiq ayolga jami 772 mlrd so‘m dekret puli to‘lab berildi. Bu haqda 2-iyul kuni bo‘lib o‘tgan ish beruvchilar bilan ochiq muloqotda Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi rahbari Nodir Musliddinov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 1-yanvardan boshlab joriy etilgan yangi mexanizm doirasida Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan xususiy sektordagi 11 ming nafar xodimga homiladorlik va tug‘ish nafaqalari tayinlangan. Davlat tashkilotlaridagi bu 55 ming nafarni tashkil etadi.

Musliddinovning qayd etishicha, xususiy sektorda ishlovchi ayollarga 163,3 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan sezilarli oshgan — 2025-yilda xususiy sektorda atigi 6 ming nafar ayol “dekret” nafaqasini olgan.

bandlik, dekret puli, homiladorlik nafaqasi, xususiy sektor

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov esa tahlil qilingan 15 ta korxonada joriy yilning o‘zida 346 nafar ayol “dekret” ta’tiliga chiqqani va ularga davlat tomonidan qariyb 5 mlrd so‘m to‘lab berilganini qayd etdi. Shu bilan birga, u xususiy sektorda ayollar soniga nisbatan “dekret” nafaqasidan foydalanuvchilar ulushi hali ham past ekanini, ushbu mexanizmdan to‘liq foydalanilmayotganini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Vahobov xususiy sektorda band ayollar soni davlat sektoriga yaqin bo‘lishiga qaramay, nafaqa oluvchilar ulushi pastligicha qolayotganini HR mutaxassislarining yetarli darajada faol emasligi yoki ish beruvchilarning yangi tizimdan to‘liq foydalanmayotgani bilan izohladi.

Hukumat tomonidan tasdiqlangan tartibga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish nafaqasini olish uchun kamida 10 oy sug‘urta staji talab etiladi. “Dekret” puli sug‘urta stajiga qarab o‘rtacha ish haqining 75% dan 100% gacha miqdorda hisoblanadi. Spot “dekret” puli va ishsizlik nafaqalari kimga, qancha va qachon berilishi haqida qo‘llanma taqdim etgandi.

Mart oyida Yagona portalda homiladorlik va tug‘ish nafaqasi bo‘yicha yangi xizmat ishga tushirildi. U orqali nafaqa miqdori, sug‘urta staji to‘g‘ri hisoblangani hamda to‘lov amalga oshirilganini onlayn tekshirish mumkin. Ma’lumotlar avtomatik shakllanadi va qo‘shimcha hujjatlar talab etilmaydi.

Spot, avvalroq, yoshlarni ish bilan ta’minlayotgan tadbirkorlarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilishi haqida yozgandi.