2026-yilning birinchi yarmida xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi $9,3 mlrdni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13% yoki $1,1 mlrdga ko‘p. Bu haqda Markaziy bankning jismoniy shaxslarning valyuta operatsiyalari bo‘yicha sharhida ma’lum qilindi.
Yanvar-fevral oylarida $1,2 mlrddan (har biri bo‘yicha o‘sish +9,1%) mablag‘lar kelib tushgan, martda bu $1,3 mlrdni (+8,3%), aprelda $1,6 mlrdni (+14,3%), mayda $1,7 mlrdni (+6,3%) tashkil etdi. Iyun oyida esa eng yuqori o‘sish qayd etilgan — o‘tkazmalar 2025-yilning mos davriga nisbatan $1,8 mlrddan $2,2 mlrdgacha yoki 22,2% ga ko‘paydi.

O‘tkazmalar hajmining oshishiga mehnat muhojirlari ishlaydigan an’anaviy davlatlarda ishchi kuchiga talab va ish haqining nisbatan yuqori darajada saqlanib qolgani, shuningdek, so‘m kursining yil boshidan umumiy mustahkamlangani ta’sir qilgan.
O‘sishga nima ta’sir qildi?
Markaziy bank tashqi mehnat migratsiyasi geografiyasining diversifikatsiyasi davom etayotganini qayd etdi. Bu, xususan, rivojlangan davlatlardan O‘zbekistonga kelayotgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishida namoyon bo‘lmoqda.
Migratsiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonning tashkiliy tashqi mehnat migratsiyasi bo‘yicha 23 ta davlat bilan 48 ta kelishuvi mavjud. Shundan 2025−2026-yillarda 14 ta davlat bilan 18 ta hukumatlararo va idoralararo kelishuv tuzilgan. Shuningdek, 36 ta davlatdagi 325 dan ortiq yirik ish beruvchi va rekruting kompaniyalari bilan hamkorlik mavjud.
Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Ispaniya, Shvetsiya, Fransiya, Bolgariya, Ruminiya, Slovakiya, Sloveniya, Serbiya, AQSH va Yaponiya istiqbolli hamkorlar qatorida bo‘lsa, AQSH, Italiya, Shvetsiya, Fransiya va Sloveniya yangi yo‘nalishlar sifatida qo‘shilgan.
Hamkorlik doirasida o‘zbekistonlik ishchilarni savdo va xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi, sanoat va ishlab chiqarish, qurilish, payvandlash va metallga ishlov berish, yog‘ochni qayta ishlash, neft-gaz va konchilik sohalariga jalb qilish ko‘zda tutilgan. Joriy yilda 124,5 ming fuqaro xorijda yuqori daromadli ishlarga joylashtirilgan.
Migratsiya agentligiga ko‘ra, hozirda 40 ga yaqin davlatda qariyb 1,4 mln nafar o‘zbekistonlik mehnat qilmoqda. Ularning 398,9 ming nafari (28,6%) xotin-qizlar, 402,1 ming nafari (28,9%) yoshlardir.
Mehnat migrantlarining asosiy qismi Rossiyaga to‘g‘ri keladi — 834,2 ming nafar. Shuningdek, Qozog‘istonda 84,4 ming, Turkiyada 72,1 ming, Janubiy Koreyada 46,4 ming, Yevropa davlatlarida 258 ming va boshqa mamlakatlarda 97,7 ming nafar fuqaro ishlamoqda.
Migratsiya geografiyasi ham o‘zgarib bormoqda: MDH davlatlarining ulushi 29% ga kamaygan, Yevropa mintaqasining ulushi 42% ga, Sharqiy Osiyoning ulushi esa 26% ga oshgan. Migratsiyaning asosiy iqtisodiy omillaridan biri esa O‘zbekiston va ishchi kuchini qabul qiluvchi davlatlar o‘rtasidagi ish haqi farqi hisoblanadi.
Buyuk Britaniya va Yevropadan o‘tkazmalar tez o‘sdi
2026-yilning yanvar-iyun oylarida Buyuk Britaniyadan O‘zbekistonga kelgan pul o‘tkazmalari 62% ga ($144 mln), Yevropa Ittifoqi davlatlaridan 27% ga ($319 mln), AQSHdan esa 19% ga ($372 mln) oshgan.

Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida eng yuqori o‘sish Irlandiyada — 86% qayd etilgan. Litvadan o‘tkazmalar 18%, Niderlandiyadan 7% ga ko‘paygan. Shuningdek, Qozog‘istondan o‘tkazmalar hajmi 28,1% ($469 mln), Janubiy Koreyadan 11,3% ($314 mln), Turkiyadan esa 13,9% ($303 mln) ga oshdi.
Pul o‘tkazmalarining yarmidan ko‘pi P2P orqali
Xorijdan kelgan mablag‘larning $4,8 mlrd yoki 51,7%i O‘zbekiston fuqarolarining bank kartalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri P2P o‘tkazmalar orqali yuborilgan. Bu ko‘rsatkich bir yil ichida 32% ga oshgan.
An’anaviy xalqaro pul o‘tkazma tizimlari orqali $4,3 mlrd (46,7%), SWIFT orqali esa $142 mln (1,6%) mablag‘ kelib tushgan.
Markaziy bank P2P o‘tkazmalarining tez o‘sishini raqamli to‘lov xizmatlarining ommalashuvi, mablag‘larni tezroq yuborish imkoniyati va tranzaksiya xarajatlarining nisbatan pastligi bilan izohladi.
Shu bilan birga, 2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistondan xorijga yuborilgan pul o‘tkazmalari ham 8% ga oshib, $1,3 mlrdni tashkil etdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistondan Rossiyaga mehnat migrantlari oqimi 13% dan ko‘proqqa kamaygani haqida yozgan edi.