Shavkat Mirziyoyev Urganch shahridagi Xorazm ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi hamda uning hududida tashkil etilgan Kasblar shaharchasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Muassasani barpo etish uchun davlat budjetidan 72,4 mlrd so‘m ajratilgan. 5,2 gektar maydonda 1,1 ming o‘ringa mo‘ljallangan ikkita o‘quv binosi, 300 o‘rinli yotoqxona, sport zali, 200 o‘rinli oshxona hamda zamonaviy jihozlangan ikkita o‘quv ustaxonasi qurilgan.

Texnikumda Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Janubiy Koreyaning ilg‘or taʼlim dasturlari asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Dual taʼlim tizimi nazariy bilimlarni bevosita ishlab chiqarish amaliyoti bilan bog‘lash imkonini beradi.

2026−2027-o‘quv yili uchun 11 ta kasb yo‘nalishi bo‘yicha 200 nafar iqtidorli yosh imtihon asosida saralab olingan. Taʼlim jarayoni ish beruvchilar bilan hamkorlikda tashkil etilib, bitiruvchilarning egallagan kasbi bo‘yicha ish bilan taʼminlanishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Texnikum Xorazm viloyatidagi boshqa kasbiy taʼlim muassasalari uchun ham zamonaviy amaliy baza vazifasini o‘taydi. Hududdagi taʼlim muassasalarining qariyb 4,3 ming nafar o‘quvchisi bu yerdagi ustaxona va laboratoriyalarda amaliyot o‘taydi.

Bunday kasbiy mahorat texnikumlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich tashkil etish rejalashtirilgan.

Davlat rahbari muassasa hududidagi Kasblar shaharchasini ham ko‘zdan kechirdi. Bu yerda yoshlarning qiziqishi va qobiliyatini erta aniqlash, ularni muayyan kasblarga yo‘naltirish uchun sharoit yaratilgan.

Kasblar shaharchasida “O‘zing yasab ko‘r” tamoyili asosida o‘quvchilar turli zamonaviy uskunalar bilan bevosita ishlab, amaliy ko‘nikmalar hosil qiladi.

Transport va logistika, sanoat va qurilish, servis, qishloq xo‘jaligi hamda “yashil” energetika kabi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar qamrab olingan. Majmua yirik ish beruvchi korxonalar bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi.

Prezident yoshlarni zamonaviy mehnat bozori talab qilayotgan kasblarga sifatli o‘qitish, taʼlim dasturlarini ish beruvchilar ehtiyojiga moslashtirib borish va bunday tajribani boshqa hududlarda ham kengaytirish muhimligini taʼkidladi.

Spot, avvalroq, prezident Urganchdagi $11 mlnlik sutni qayta ishlash korxonasi bilan tanishgani haqida yozgandi.