Migratsiya agentligi o‘zbekistonlik yuk avtomobili haydovchilarini Ruminiyaning Oradea shahrida ishlash uchun tanlovga taklif qilmoqda. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Nomzodlar Yevropa bo‘ylab yuk tashish reyslarini amalga oshiradi. Ish doimiy bo‘lib, ish vaqti Yevropa Ittifoqining Mobility Package talablari asosida taxograf orqali hisobga olinadi.

Xodimlarga soliqlardan keyin 3150 yevro oylik hamda oyiga qariyb 200 yevro bonus taklif etilmoqda. Uch oylik sinov muddati davomida ham to‘liq maosh to‘lanadi.

Nomzodlardan CE toifali haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lish, 21−60 yosh oralig‘ida bo‘lish, rus va ingliz tillarini muloqot darajasida bilish hamda professional haydovchilik uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lish talab etiladi.

Yevropada kamida olti oylik haydovchilik tajribasini tasdiqlovchi hujjatga ega nomzodlarga ustunlik beriladi.

Kompaniya ish vizasi va uni rasmiylashtirish, aviachipta, aeroportdan turar joyga transfer, ish ruxsatnomasi, turar joy, ishga qatnov hamda tibbiy sug‘urta xarajatlarini qoplaydi. Ovqatlanish va o‘qish xarajatlari xodim hisobidan bo‘ladi.

Ro‘yxatdan o‘tish 15−20-avgust kunlari davom etadi. Ish beruvchi ishtirokidagi tanlov 24−30-avgust kunlari o‘tkazilib, nomzodlar yuzma-yuz suhbat, nazariy savollar hamda yuk mashinasida amaliy imtihondan o‘tadi.

Spot, avvalroq, o‘zbekistonliklar Serbiyada qurilish sohasida ishga taklif qilinayotgani haqida yozgandi.