O‘zbekiston va Filippin o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin, deya xabar bermoqda Dunyo axborot agentligi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mirvohid Azimov kecha Filippin elchisi (qarorgohi Tehron shahrida) Roberto Manalo bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, muloqot davomida O‘zbekiston-Filippin hamkorligining holati va istiqbollari, siyosiy muloqotni mustahkamlash, shuningdek, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Filippin tomoni O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni izchil rivojlantirishdan manfaatdorligini tasdiqladi.

Tomonlar, qishloq xo‘jaligi, kimyo va oziq-ovqat sanoati, turizm sohalarida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning salmoqli salohiyatini qayd etdi.
Ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Turistik almashinuvlarni rivojlantirish va transport o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Xususan, O‘zbekiston va Filippin o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish hamda turizm sohasi vakillarining o‘zaro tanishuv safarlarini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston-Filippin munosabatlarini yanada rivojlantirish va o‘zaro manfaatli aniq loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishga o‘zaro tayyorlik tasdiqlandi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va Turkmaniston to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.