Computers in Human Behavior jurnalida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, smartfonlardagi ijtimoiy tarmoq bildirishnomalari insonning diqqatini vaqtincha chalg‘itib, kognitiv axborotni qayta ishlash jarayonini sekinlashtirishi mumkin. Bu haqda Science Direct xabar berdi.
Tadqiqot mualliflari 180 nafar ishtirokchi bilan tajriba o‘tkazib, ulardan smartfonda bildirishnomalar kelib turgan paytda Stroop testini bajarishni so‘ragan.
Mazkur test insonning diqqatni jamlash, chalg‘ituvchi axborotni chetlab o‘tish va kognitiv nazorat qobiliyatini baholashga yordam beradi.
Tajriba natijalariga ko‘ra, bildirishnoma kelganidan so‘ng ishtirokchilarning kognitiv axborotni qayta ishlash jarayoni o‘rtacha yetti soniyagacha vaqtincha sekinlashgan. Ya’ni bildirishnoma inson e’tiborini boshqa tomonga burib, uning avvalgi vazifaga darhol qaytishiga xalaqit bergan.
Olimlar bildirishnomaning ta’siri uning inson uchun qanchalik muhim yoki qiziqarli ekaniga ham bog‘liqligini aniqlagan. Muhimroq deb qabul qilingan xabarlar kuchliroq chalg‘itgan.
Biroq bildirishnomaning o‘zi, hatto uning mazmuni hali noma’lum bo‘lgan holatda ham, insonning diqqatini tortishi mumkin.
Tadqiqotchilar buni insonning smartfondan foydalanish odatlari bilan ham bog‘lagan. Ularning fikricha, telefonni tez-tez tekshirish va ko‘p miqdorda bildirishnoma olish natijasida odamda har bir signalga avtomatik ravishda javob berishga moyillik shakllanishi mumkin.
Tadqiqotda ishtirokchilarning fiziologik reaksiyalari ham kuzatilgan. Bildirishnomalar paytida ko‘z qorachig‘ining kengayishi kuzatilgani ularning fiziologik qo‘zg‘alishi va diqqatining o‘zgarganini ko‘rsatgan.
Shuningdek, tadqiqotchilar telefon ekranidan foydalanishga sarflanadigan umumiy vaqt emas, balki bildirishnomalar soni va qurilmani qanchalik tez-tez tekshirish kognitiv chalg‘ishni yaxshiroq bashorat qilishini aniqlagan.
Biroq olimlar bildirishnomalar miyaning kognitiv funksiyalarini doimiy ravishda buzadi, degan xulosaga kelmagan. Tadqiqot faqat bildirishnoma paytida diqqat va kognitiv ishlov berish jarayonlarida vaqtinchalik buzilish yuz berishini ko‘rsatadi.
Avvalroq Spot smartfonlar bolalarda depressiya va semizlikni keltirib chiqarayotgani haqida yozgandi.
Natijalarga ko‘ra, 12 yoshli o‘smirlar orasida smartfondan foydalanuvchilarda depressiya xavfi 30%, semirish 40%, uyqu yetishmasligi 60% ga yuqori bo‘lgan.