Toshkentda ilgari avtoturargohlar uchun mo‘ljallangan joylarda biznes markazlari qurildi. Bu haqda poytaxt hokimi Shavkat Umurzakov O‘zAga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Toshkent shahar hokimligi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi bilan birgalikda 200 ming avtomobilga mo‘ljallangan ko‘p qavatli va yer osti avtoturargohlar uchun joylarni belgiladi. Ushbu uchastkalar bosqichma-bosqich auksionga chiqarilmoqda.
“Afsuski, ilgari avtoturargoh uchun ajratilgan ko‘plab yerlarda biznes markazlar qurilib ketilgan, bunday xatolar takrorlanmasligi uchun bugungi kunda tegishli organlar bilan bu masalani qattiq nazoratga olganmiz”, — deya tan oldi Umurzakov.
Hokimning so‘zlariga ko‘ra, uchala yo‘nalishni birlashtirgan tamoyil bitta — davlat sharoit yaratadi, investor quradi, aholi uchun xizmat sifati oshadi, jamoat manfaati esa qat’iy intizom va shartlar bilan ta’minlanadi.
2024-yil mart oyida transport vaziri Ilhom Mahkamov Sergeli tumani va Chorsu bozori yaqinida ko‘p qavatli avtoturargohlar qurish rejalari haqida ma’lum qilgan edi. Toshkent shahrida to‘rtta avtoturargoh qurish loyihasi davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida amalga oshiriladi.
2025-yil bahorida Tashkent Invest kompaniyasining raqamli transformatsiya va axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘sha paytdagi birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gurko 200 mingdan ortiq pulli to‘xtash joylarini tashkil etish rejalarini e’lon qildi.
Avvalroq Spot Toshkentning Shahrisabz ko‘chasidagi BRT yo‘lagi sentyabr oyiga qadar qurib bitkazilishi haqida yozgan edi.