Ikkita hududda fuqarolarni Umra ziyoratiga yuborish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Toshkent shahrida yashovchi 1981-yilda tug‘ilgan shaxs tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan holda o‘zini Umra ziyoratini tashkil etishga ruxsat berilgan turfirmaning vakili sifatida tanishtirgan.

U uch nafar fuqaroni Saudiya Arabistoniga Umra safariga yuborish va ziyorat amallarini to‘liq bajarishini ta‘minlash evaziga jami $3450 talab qilgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda u $3400 va 600 ming so‘m olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Farg‘ona shahrida esa 1998-yilda tug‘ilgan shaxs tanishlari orqali to‘rt nafar fuqaroni Umra ziyoratiga yuborishni va‘da qilib, jami $4200 talab qilgan.

DXX va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda uning noqonuniy harakatiga chek qo‘yilgan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘zbekistonda Umra tadbirlarini tashkil etish

2024-yilning iyun oyida qabul qilingan qaror bilan “Umra” ziyorati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Litsenziya berish vakolati esa Turizm qo‘mitasidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga berildi.

Sentabr oyida qo‘mita mazkur tadbirlarni tashkil etayotgan turoperatorlarga ogohlantirish bilan chiqib, yangi talablar 5-oktabrdan kuchga kirishini, turoperatorlar litsenziyalari mazkur sanagacha amalga qilishini qayd etdi.

Undan keyin, 12-oktabrga kelib, hukumatning tegishli qarori qabul qilindi. Unda turistik tashkilotlar mazkur xizmatlar uchun yangi talablar asosida litsenziya olishlari kerakligi belgilandi.

15-oktabr kuni qo‘mita yangi talablar asosida litsenziya olish uchun arizalar qabulini e’lon qildi. Noyabr oyida, tanlov natijasida “Umra” ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun 12ta turoperatorga litsenziya berildi.

Spot litsenziya olishdagi yangi talablar yuzasidan bir qator turoperatorlar bilan suhbatlashib, bu qanday qiyinchiliklarga olib kelgani, narxlarga qanday ta’sir qilishi hamda kelgusida kutilayotgan natijalar haqida fikrlarini o‘rgangandi.

2025-yilning avgustida O‘zbekistonda Umra safarlarini noqonuniy tashkil etayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida “Sirli mijoz” yashirin nazorat tadbirlari amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi.


Spot, avvalroq, Qo‘qonda fuqarolarni umraga yuborishni va‘da qilgan korxona rahbari ushlangani haqida yozgandi.