Qo‘qon shahrida fuqarolarni umraga yuborishni va‘da qilib, pul talab qilgan MChJ rahbari ushlandi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xabar berdi.
Ma‘lum qilinishicha, DXB Tour korxona rahbari maxsus umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lmagan.
Shunga qaramay, u ikki nafar fuqaroni umraga yuborishni va‘da qilib, xizmati evaziga $2,6 ming talab qilgan.
5-avgust kuni fuqaro ashyoviy dalillar bilan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
O‘zbekistonda Umra tadbirlarini tashkil etish
2024-yilning iyun oyida qabul qilingan qaror bilan “Umra” ziyorati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Litsenziya berish vakolati esa Turizm qo‘mitasidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga berildi.
Sentabr oyida qo‘mita mazkur tadbirlarni tashkil etayotgan turoperatorlarga ogohlantirish bilan chiqib, yangi talablar 5-oktabrdan kuchga kirishini, turoperatorlar litsenziyalari mazkur sanagacha amalga qilishini qayd etdi.
Undan keyin, 12-oktabrga kelib, hukumatning tegishli qarori qabul qilindi. Unda turistik tashkilotlar mazkur xizmatlar uchun yangi talablar asosida litsenziya olishlari kerakligi belgilandi.
15-oktabr kuni qo‘mita yangi talablar asosida litsenziya olish uchun arizalar qabulini e’lon qildi. Noyabr oyida, tanlov natijasida “Umra” ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun 12ta turoperatorga litsenziya berildi.
Spot litsenziya olishdagi yangi talablar yuzasidan bir qator turoperatorlar bilan suhbatlashib, bu qanday qiyinchiliklarga olib kelgani, narxlarga qanday ta’sir qilishi hamda kelgusida kutilayotgan natijalar haqida fikrlarini o‘rgangandi.
2025-yilning avgustida O‘zbekistonda Umra safarlarini noqonuniy tashkil etayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida “Sirli mijoz” yashirin nazorat tadbirlari amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi.
Spot, avvalroq, Marg‘ilonda litsenziyasiz umra xizmatini taklif qilgan shaxs ushlangani haqida yozgandi.