Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida litsenziyasiz umra xizmatini taklif qilgan shaxs ushlandi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xabar berdi.
Ma‘lum qilinishicha, fuqaro maxsus umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lmasa-da, uch nafar fuqaroni umra safariga yuborishni va‘da qilib, buning evaziga $3500 talab qilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan u ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Iyul oyi boshida Raqobat qo‘mitasi Farg‘ona, Namangan, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida Umra xizmatlariga oid reklama bergan oltita sahifada qonunbuzilishlarni aniqlagandi.
Spot, avvalroq, Saudiya Arabistoni Umra uchun ko‘p martalik vizalarni joriy etgani haqida yozgandi.