Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi umra ziyoratchilari uchun 365 kun amal qiladigan ko‘p martalik umra vizasi tartibini joriy etdi. Bu haqda Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish markazi xabar berdi.

Yangi tartibga ko‘ra, viza bir yil davomida amal qiladi va uning egasi Saudiya Arabistoniga bir necha bor kirishi mumkin. Biroq barcha tashriflar davomida mamlakat hududida bo‘lishning umumiy muddati 90 kundan oshmasligi lozim.

Shuningdek, har bir safardan oldin Nusuk platformasi orqali mehmonxona, transport va boshqa xizmatlarni tanlab, Umra uchun ruxsatnoma (permit) rasmiylashtirish talab etiladi. Mazkur tartib ziyoratchilar uchun xizmatlarni raqamlashtirish va ularning sifatini oshirishga qaratilgan.

Markazning ta‘kidlashicha, ko‘p martalik Umra vizasi Haj mavsumida umra amallarini bajarish huquqini bermaydi. Bu davrda Saudiya Arabistoni tomonidan belgilangan alohida tartib-qoidalar amal qiladi.

Agar ziyoratchi bir tashrifi davomida 90 kunlik ruxsat etilgan muddatdan to‘liq foydalansa, ushbu viza bo‘yicha qayta kirish imkoniyati qolmaydi. Keyingi safar uchun yangi Umra vizasini rasmiylashtirish talab etiladi.

Agar ziyoratchi yil davomida bir necha marta mamlakatga kirsa, barcha tashriflar davomida Saudiya Arabistonida bo‘lgan kunlar yig‘indisi 90 kundan oshmasligi shart.

Spot, avvalroq, Umra tadbirlari bo‘yicha reklama talablarini buzgan shaxslarga chora ko‘rilgandi.