Raqobat qo‘mitasi Umra tadbirlarini tashkil etishga oid reklamalarda qonunchilik talablari buzilgani uchun qator Instagram va Telegram sahifalari maʼmurlarini maʼmuriy javobgarlikka tortdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ommaviy axborot vositalari hamda internet tarmoqlarida joylashtirilayotgan reklamalarning “Reklama to‘g‘risida"gi qonun talablariga muvofiqligi o‘rganilmoqda.

Shu doirada turoperatorlarning Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid reklamalari o‘rganildi.

Natijada qo‘mitaning Farg‘ona, Namangan, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahar hududiy boshqarmalari tomonidan Hamroh Tour, Kabadoshlarim, Yuksak Trevel, Murabbiy Travel, Hikmat Travel va Infin Tour‘ning Instagram hamda Telegram sahifalarida joylashtirilgan reklamalarda qonunchilik talablari buzilgani aniqlandi.

Shu sababli mazkur sahifalar uchun masʼul mansabdor shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

Raqobat qo‘mitasi reklama qonunchiligiga rioya etilishi ustidan nazorat va monitoring ishlari davom ettirilishini maʼlum qildi.

Joriy yilning fevralida Raqobat qo‘mitasi Umra reklamasi uchun ikki turoperatorni jarimaga tortgandi. Nazorat organi tomonidan Telegram va Instagram‘dagi 12 ta sahifa egalariga javobgarlik belgilan edi.

O‘zbekistonda Umra tadbirlarini tashkil etish

2024-yilning iyun oyida qabul qilingan qaror bilan “Umra” ziyorati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Litsenziya berish vakolati esa Turizm qo‘mitasidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga berildi.

Sentabr oyida qo‘mita mazkur tadbirlarni tashkil etayotgan turoperatorlarga ogohlantirish bilan chiqib, yangi talablar 5-oktabrdan kuchga kirishini, turoperatorlar litsenziyalari mazkur sanagacha amalga qilishini qayd etdi.

Undan keyin, 12-oktabrga kelib, hukumatning tegishli qarori qabul qilindi. Unda turistik tashkilotlar mazkur xizmatlar uchun yangi talablar asosida litsenziya olishlari kerakligi belgilandi.

15-oktabr kuni qo‘mita yangi talablar asosida litsenziya olish uchun arizalar qabulini e’lon qildi. Noyabr oyida, tanlov natijasida “Umra” ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun 12ta turoperatorga litsenziya berildi.

Spot litsenziya olishdagi yangi talablar yuzasidan bir qator turoperatorlar bilan suhbatlashib, bu qanday qiyinchiliklarga olib kelgani, narxlarga qanday ta’sir qilishi hamda kelgusida kutilayotgan natijalar haqida fikrlarini o‘rgangandi.

Avgust oyida O‘zbekistonda Umra safarlarini noqonuniy tashkil etayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida “Sirli mijoz” yashirin nazorat tadbirlari amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi.


Spot, avvalroq, Raqobat qo‘mitasi uchta viza markazini ustun mavqe va ustun muzokara kuchiga ega deb topgani haqida yozgandi.