Raqobat qo‘mitasi chet el davlatlariga chiqish uchun viza xizmatlarini ko‘rsatish bozorini tahlil qildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, VFS Global Services UBKN Avstriya, Vengriya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Daniya, Belgiya, Bolgariya, Xorvatiya, Chexiya, Estoniya, Finlandiya, Gretsiya, Irlandiya, Latviya, Litva, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Yangi Zelandiya, Isroil va Malta davlatlariga viza xizmatlarini ko‘rsatish bozorida “Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 13-moddasiga muvofiq ustun mavqega ega deb e‘tirof etildi.
Shuningdek, Vizametric AQShga viza xizmatlarini ko‘rsatish bozorida ham mazkur qonunning 13-moddasiga muvofiq ustun mavqega ega deb topildi.
Bundan tashqari, TLS Contact Germaniya va Fransiyaga viza xizmatlarini ko‘rsatish bozorida qonunning 14-moddasiga muvofiq ustun muzokara kuchiga ega subyekt sifatida e‘tirof etildi.
Qo‘mita mazkur qaror chet el davlatlariga chiqish uchun viza xizmatlarini ko‘rsatish bozorida raqobat muhitini tahlil qilish natijalari asosida qabul qilinganini ma‘lum qildi.
O‘zi nima gap?
O‘tgan hafta bloger Nikita Makarenko TLScontact orqali Fransiya vizasiga hujjat topshirish uchun navbatga yozilish imkonsiz ekanidan shikoyat qilgandi.
Unda bo‘sh slotlar oylab bo‘lmasligi, vositachilar esa navbatga yozib qo‘yishni $500 gacha bo‘lgan summa evaziga taklif qilgani aytilgandi.
U o‘z postida Raqobat qo‘mitasini TLScontact faoliyatini va markaz qoidalarining O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiqligini tekshirishga chaqirgan edi.
Keyinroq Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ariza beruvchilarni norasmiy to‘lovlarni to‘lamaslikka chaqirib, tekshiruvlar muntazam ravishda o‘tkazilayotganini bildirgandi.
TLScontact xabariga ko‘ra, 1-iyuldan boshlab Toshkentdagi viza markazida Fransiyaga qisqa muddatli vizalar uchun yangi uchrashuv tizimi joriy etildi.
Endilikda arizachilar uchrashuv vaqtini onlayn tanlab bron qilmaydi — ariza topshirilgach, ular mavjud bo‘sh o‘rinlarga qarab navbat asosida avtomatik ravishda uchrashuv bilan ta‘minlanadi.
Yangi tartib faqat 90 kungacha bo‘lgan turistik vizalar uchun amal qiladi. Boshqa barcha viza turlari bo‘yicha uchrashuvni bron qilish tizimi o‘zgarishsiz qoladi.
Kompaniya mazkur tizim firibgar vositachilar faoliyatining oldini olish hamda barcha arizachilar uchun viza uchun uchrashuvlarga adolatli kirishni ta‘minlash maqsadida joriy etilganini qayd etdi.
Spot, avvalroq, Raqobat qo‘mitasi dori reklamalaridagi chalg‘ituvchi so‘zlar haqida ogohlantirgani haqida yozgandi.