Raqobat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan ayrim dori vositalari reklamalarida iste‘molchilarni chalg‘itishi mumkin bo‘lgan iboralardan foydalanilayotgani haqida ogohlantirdi.

Qo‘mita ma‘lumotiga ko‘ra, reklamalarda “noyob”, “eng samarali”, “eng xavfsiz”, “kafolatlangan natija”, “eng ishonchli vosita”, “tez davolaydi”, “nojo‘ya ta‘sirlari mavjud emas” hamda “samarasi isbotlangan” kabi ta‘riflar qo‘llanilmoqda.

Ta‘kidlanishicha, bunday ma‘lumotlar iste‘molchilarda dori vositasining xususiyatlari haqida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otishi, shifokor maslahatisiz o‘zboshimchalik bilan davolanishga undashi hamda salomatlik uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Qo‘mita inson salomatligi bilan bog‘liq reklama iste‘molchilarda shifokorga murojaat qilish shart emas, degan fikrni shakllantirmasligi lozimligini eslatdi.

“Reklama to‘g‘risida"gi qonun ning 34-moddasiga muvofiq, dori vositalari reklamalarida shifokor maslahatisiz mustaqil davolanish mumkinligi haqida taassurot uyg‘otish, olimlar, tibbiyot xodimlari yoki mashhur shaxslarning tavsiyalaridan foydalanish, alohida shaxslarning minnatdorlik izhorlari yoki muvaffaqiyatli davolanish holatlarini keltirish taqiqlanadi.

Shuningdek, dori vositasini eng samarali, eng xavfsiz yoki noyob vosita sifatida taqdim etish, uning ta‘siri kafolatlanganligini da‘vo qilish hamda boshqa preparatlar bilan noto‘g‘ri taqqoslashlarga yo‘l qo‘yish mumkin emas.

Bundan tashqari, retseptsiz beriladigan dori vositalari reklamalarida qo‘llash bo‘yicha qarshi ko‘rsatmalar mavjudligi va mutaxassis maslahatini olish zarurligi haqidagi ogohlantirish bo‘lishi shart.

Raqobat qo‘mitasi reklama beruvchilar va reklama tarqatuvchilarni qonunchilik talablariga qat‘iy rioya qilishga, fuqarolarni esa dori vositalarini tanlash va qabul qilishda reklama emas, shifokor tavsiyalariga tayanishga chaqirdi.

Spot, avvalroq, Nika Pharm tarixiy shaxslar obrazidagi dori reklamasi uchun jarimaga tortilgani haqida yozgandi.