Raqobat qo‘mitasi tarixiy shaxslar obrazlaridan foydalanib, dori reklamasida axloq va ma’naviyat normalarini buzgan Nika Pharm korxonasiga moliyaviy jarima qo‘lladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda axloq va ma’naviyatning umume’tirof etilgan normalariga muvofiq bo‘lmagan reklama-axborotlarining joylashtirilayotgani foydalanuvchilar muhokamalariga sabab bo‘lmoqda.

Nika Pharm Rinoksil Formula+ dori vositasi reklamasida Amir Temur, Alisher Navoiy, Ibn Sino, Jorj Vashington, Yuliy Sezar va Napaleon Bonopart kabi tarixiy shaxslar obrazlaridan foydalanib, “ushbu dori vositasini ular tomonidan ishlatilganda” deya, turli holatlarda namoyish etgan. Bu orqali taniqli tarixiy shaxslarga nisbatan hurmatsizlik qilingan, axloq va ma’naviyatga zid obrazlardan foydalanilgan.

Qo‘mita “Reklama to‘g‘risida"gi qonunning 16-moddasida reklamada milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish taqiqlanishini eslatib o‘tdi.

Aniqlangan holatlarga muvofiq, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan Nika Pharm’ga nisbatan ushbu modda talablari buzilishi yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunida belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.

2025-yilning sentabrida Forsil reklamasi uchun Nika Pharm jarimaga tortilgan edi. Unda reklama qonunchiligiga zid ravishda biologik faol qo‘shimchaning taxminiy shifobaxsh xususiyatlari haqida maʼlumot berilgan.

Avvalroq Spot Raqobat qo‘mitasi JCH-2026 oldidan bukmekerlik va qimor o‘yinlari reklamalarini nazoratga olgani haqida yozgan edi.