Raqobat qo‘mitasi 2026-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati arafasida ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlari va Telegram’dagi guruh va kanallarda bukmekerlik xizmatlari hamda qimor o‘yinlarini targ‘ib qiluvchi reklamalarning ko‘payayotganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ayrim shaxslar sport musobaqalariga bo‘lgan qiziqishdan foydalanib, fuqarolarni natijalar bo‘yicha pul tikish, qisqa muddatda daromad topish yoki tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga jalb etishga urinmoqda.
Qo‘mita “Reklama to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq qimor o‘yinlari, bukmekerlik xizmatlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni, jumladan internet orqali reklama qilish taqiqlanishini eslatdi. Ularni targ‘ib qilish, reklamasini tayyorlash, joylashtirish yoki tarqatish esa javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Ayrim shaxslar bukmekerlik xizmatlarini anonim tarzda, soxta akkauntlar va taxalluslar hamda xorijiy platformalar orqali reklama qilishga urinayotgani aniqlanmoqda. Biroq bu kabi holatlar qonunchilik talablaridan chetda qolmasligi va vakolatli organlar tomonidan o‘rganilishi ta’kidlandi.
Nazorat organi internet, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa axborot resurslarida joylashtirilayotgan reklama materiallarining qonunchilik talablariga muvofiqligini monitoring va tahlil qilmoqda. Aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha ma’lumotlar esa vakolatli davlat organlariga, jumladan IIVning Kiberxavfsizlik bo‘linmalariga tegishli choralarni ko‘rish uchun taqdim etiladi.
Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni bukmekerlik xizmatlari va qimor o‘yinlarini targ‘ib qiluvchi shubhali reklama materiallariga ishonmaslikka, tarqatmaslikka hamda bunday holatlarda vakolatli organlarga ma’lum qilishga chaqirdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda xorijiy raqamli platformalar uchun monopoliyaga qarshi tartib o‘rnatilishi haqida yozgan edi.