O‘zbekistonda transmilliy raqamli platformalarni monopoliyaga qarshi tartibga solishni joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 19-may kuni Digital Uzbekistan xalqaro PLAS-forumida Raqobatni rivojlantirish va iste‘molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bosh mutaxassisi Javlonbek Isroilov ma‘lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Bugungi kunga qadar monopoliyaga qarshi kurash organi oltita turli bozorda ustun mavqega ega bo‘lgan 9 ta kompaniyani raqamli platforma operatorlari ro‘yxatiga kiritgan. Ular orasida Payme, Click (onlayn to‘lovlar), Uzum Market (elektron tijorat), Uzum Tezkor, Yandex Eats, Express 24 (taom yetkazib berish), OLX (e‘lonlar taxtasi), Allplay (striming) va Yandex Go (taksi) bor. Uning so‘zlariga ko‘ra, ustun mavqega ega bo‘lgan kompaniyalarga nisbatan monopoliyaga qarshi komplayens muvaffaqiyatli joriy etilgan.

“Raqamli platformalarni ustun deb e‘tirof etish mezonlari juda past darajada, biroq bu raqamlar 2023-yil holatidagi bozor ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib ishlab chiqilgan. Bugungi kunda qo‘mita [rezident raqamli platformalarning ustun mavqeini tan olish] chegaraviy ko‘rsatkichlarini oshirishni rejalashtirmoqda. Yil oxirigacha bu o‘zgarishlar e‘lon qilinadi”, — dedi u.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-maydagi qaroriga o‘zgartirishlar kiritilishi kutilmoqda. Hujjatda tarmoq effekti mavjud bo‘lganda quyidagi mezonlar belgilanadi: sotuvdan tushgan yillik daromad 100 ming BHMdan (41,2 mlrd so‘m) ortiq bo‘lsa, oyiga 50 mingdan ortiq faol yakuniy foydalanuvchiga yoki oyiga 3 mingdan ortiq faol biznes-foydalanuvchiga ega bo‘lsa.

Shuningdek, raqamli platformalarning qo‘shilishi va birlashtirilishi uchun alohida chegaraviy ko‘rsatkichlar, shartlar va talablarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Idora raqamli platformalarning raqobatga qarshi harakatlarini aniqlashda sun‘iy intellektdan faol foydalanish niyatida.

Bundan tashqari, Raqobat qo‘mitasi O‘zbekiston rezidenti bo‘lmagan transmilliy raqamli platformalar uchun maxsus monopoliyaga qarshi tartibga solish tizimini ishlab chiqmoqda. Alohida mexanizmni ishlab chiqishni 2026-yil 1-oktyabrgacha yakunlash rejalashtirilgan. Spot muxbiri bilan suhbatda Javlonbek Isroilov tartibga solishni joriy etish uchun Vazirlar Mahkamasi qarori tayyorlanishiga aniqlik kiritdi.

Spot, avvalroq, Raqobat qo‘mitasi Centrum Air va Qanot Sharq reyslaridagi kechikishlar bo‘yicha O‘zaviatsiyadan ma’lumot so‘ragani haqida yozgandi.